Bola qo’pol gapirayotgan bo’lsa, o’zingizning muomalangizga nazar soling; bola ukasiga jahl qilsa, unga g’azab qilishni toʻxtating; bola sizni jerkiyaptimi, demak, siz ham turmush o’rtog’ingizni va farzandlaringizni jerkib gapirasiz. Bola dunyoni, atrofni ota-ona ko’zlari bilan taniydi. Ota-ona uchun nima yomon bo’lsa, bola shuni yomon deb hisoblaydi. Ota-ona kimni xush ko’rsa, bola uchun u insondan yaxshisi yoʻq. Bu holat bolaning 10-12 yoshiga qadar davom etadi. Undan keyin bola o’zi xulosa qila boshlaydi. Shunday ekan, bolaning har bir harakati — bu ko’zgudagi sizning aksingiz.
Albatta, oiladan tashqari bolaga bog’cha, maktab, do’st-dugonalar ham katta ta’sir ko’rsatadi. Lekin ota-ona u uchun eng birinchi namunadir. Shunday ekan, oilada sizning o’zingiz bolangiz qanday bo’lishini istaganingizcha bo’la olsangiz, ya’ni u uchun eng yaxshi misol bo’lsangiz, unga tashqi muhitdan salbiy ta’sir ko’rsatilish ehtimoli kam bo’ladi.
Bir eslab ko’ring, farzandingiz bilan mehmonga borganingizda u ayb ish qilib qo’ysa, unga jahl qilasiz, aslida, siz o’zingizdan uyalasiz, o’zingiz farzandingizga yaxshi tarbiya bera olmaganingizdan uyalasiz. Shunday ekan, bolaning aybi nima?!
Bolani tarbiya qilishda eng muhim va eng ta’sirchan vosita bu o’rnak bo’lishdir. Siz bola uchun ibrat bo’la oling. Qizingiz muloyim bo’lishini istasangiz, u bilan, atrofdagilar bilan muloyim gaplashing; o’g’lingiz mehribon bo’lishini xohlasangiz, unga o’yinchoq emas, mehr va e’tibor ko’proq bering. Maktabga boradigan bola ovqatlanish odobini bilsin desangiz, unga: «To’g’ri ye, chappillatma, g’imirlama,» – deb hadeb befoyda uqtiravermasdan, uning ko’ziga ko’rinarli qilib, o’zingiz odobli ovqatlaning. Bola xursand bo’lib yurishini istasangiz, o’zingiz kulib yuring, bola o’ziga ishongan bo’lib voyaga yetishini maqsad qilsangiz, unga ishonch to’la ko’zlar bilan qarang. «Bunday o’qishing bilan sendan farroshdan boshqa hech kim chiqmaydi,»-desangiz aynan shunday bo’ladi. Ota-onaning bolaga nisbatan munosabati muhim ahamiyat kasb etadi.
Xuddi shunday, salbiy yurish-turish ham bolaga ota-onadan o’tadi. Agar bolaga shokolad yeyishni man qilsangiz o’zingiz ham uning oldida shokolad yeb o’tirmang: koka-kola bolaga zarar ekanligini bilasiz, lekin o’zingiz farzandingiz oldida bemalol koka-kolani ichasiz. Bundan keyin unga man qilish bekor gap bo’lmaydimi? Bolaga ta’qiqlangan narsa uning oldida ota-ona tomonidan ham qilinmasligi kerak. «Biz kattamiz» degan gapni bola hali anglamaydi, bola uni shunchaki aldashayotganini his qiladi, xolos.
Bolaga uyda qanchalik ko’p ijobiy «odat»lar ko’rsatilsa, u shunchalik ijobiy bo’lib o’sadi va katta bo’lganida boshqalarning salbiy ta’siri yuqishi qiyin bo’ladi. Bolaning o’sayotgan ongi uyda ijobiy «odat» lar (xulq, muomala, turmush, ovqatlanish tarzi, ota-onaning o’zaro munosabati…)ga to’ldirilib borilmasa, u o’z hayotini boshlayotganida ko’chada, do’stlarida, qo’shnisida ko’rgan «odat» lari bilan boshlaydi. Agar ular ijobiy bo’lsa, nur ustiga alo nur, unday bo’lmasa-chi?
Ijobiy «odat» deganda biz nimani tushunishimiz mumkin:
- avallambor, ota-onaning bolaga bo’lgan mehri, e’tibori;
- ota-onaning bir-biriga bo’lgan hurmat va e’tibori;
- oilada kattalarga bo’lgan hurmat; chekish, ichish kabi salbiy holatlar bolaning ko’ziga ko’rinmasligi;
- bolani urmaslik, so’kmaslik;
- bolani hurmat qilish;
- uyda bolaning ko’zi oldida koka-kola, pivo, shokolad, konfetlarni kattalar iste’mol qilmasligi;
- ovqatlanish odobi;
- odob;
- mas’uliyat;
- hayvonlarga mehr;
- nochorlarga yordam qo’lini cho’zish va hokazo.
Bu misollarni cheksiz keltirsa bo’ladi. Eng asosiysi, bu ota-onalar tilida emas, amalida bo’lishi kerak. «Sen kattalarni hurmat qilishing kerak,» – deyishning o’rniga, o’zingiz kattalarning hurmatini joyiga qo’ying. «Chekish mumkin emas» deyish o’rniga bolani oldida chekmang.
Bola shunday ijobiy ko’mak bilan katta bo’lsa, u o’zi juda mehribon, muloyim va sizga yoqadigan bo’ladi. Uning tarbiyasi sizni xursand qiladi. Yaxshi va yomonning farqiga bora oladi. Chunki u bolaligidan «yaxshi» nima ekanligini biladi.
Yigirmaga kirgan bola sizga qo’pollik qilib, qo’l siltab, eshikni tarsillab ko’chaga chiqib ketayotgan bo’lsa, uning do’stlari yomon deyishga shoshilmang, shunday do’stlarni topishiga sabab bo’lgan siz bergan tarbiya noto’g’ri bo’lmaganmikan?
Bolaligidan mehr va e’tiborda o’sgan bola ko’chada mehrni boshqa insonlardan yoki yomon narsalardan izlamaydi. Faqat ayrim ota-onalar mehr-e’tiborni qimmatbaho kiyimlar, o’yinchoqlar bilan adashtirib qoʻyadilar.
Yana bir muhim maslahat: bola tarbiyasini urish va jazolash bilan to’g’irlashni maqsad qilsangiz, bu yo’ldan qayting, buning natijasi juda achinarli bo’ladi. Urish va jazoni siz bolaga kuchingiz jismonan yetguncha qila olasiz, vaqti kelib uning jismoniy kuchi ko’proq bo’lganda sizning gapingiz ta’sir qilmaydigan bo’lib qoladi. Yaxshi yo’l bilan tarbiyala olmayotgan bo’lsangiz, u holda o’zingizni o’zgartiring. Ota-ona bolasiga nima yetmayotganini his qila bilishi kerak. Aynan shu yetishmovchilik bolani yomon xulqqa chaqiradi. Bolaga nima yetmasligi mumkin? Faqat ota-onaning vaqti, mehri va e’tibori. Boshqa hech narsa unga bularchalik kerak emas. O’yinchoq, shirinlik, kiyim-kechak — bularning barchasi o’sha uchta asosiy ehtiyojning o’rnini bosa olmaydi.
Bolaning qanday shaxs bo’lib yetishishida ota-onaning tarbiyasi asosiy rol o’ynaydi. Ota-onaning maslahatlari bolaning hayotda qo’yadigan har bir qadamida o’z aksini topadi. Ota-onaning qanday so’zlari bolaning shaxsiy hayotiga salbiy ta’sir ko’rsatadi, uning o’ziga bo’lgan ishonchini sindiradi va hayotda mustaqil, yetuk, mas’uliyatli shaxs bo’lib yetishmog’iga to’sqinlik qiladi?
Quyidagi gaplar yuqoridagi muammolarni keltirib chiqarishi mumkin:
- Kuchli odamlar yig’lamaydi.
- Faqat o’zing haqingda o’yla, hech kimni ayama.
- Sening bu qilig’ing seni dadang (oying)ga o’xshatadi.
- Jinni.
- Bo’lmaganing yaxshi edi.
- Dadang (oying)ga o’xshagan omadsiz bo’lib o’sasan.
- Quloq solmasang, kasal bo’lib qolasan.
- Senga shuncha kuchimizni ayamadik, sen esa…
- Sening ishing bo’lmasin.
- Seni Xudo jazolasin.
- Ko’p yema, semiz bo’lsang seni hech kim sevmaydi.
- Hech kimga ishonma, hamma aldoqchi.
- Bunday qilsang, hech kim sen bilan do’st bo’lmaydi.
- Doim shuni hammadan yomonroq bajarasan.
- Ayollar erkaklarga qaraganda aqlsizroq bo’ladi.
- Sen yomonsan.
- Yaxshilikka ishonma, dunyo u qadar go’zal emas aslida.
Yuqoridagi nasihatlarni asosan bo’sh, kuchsiz va hayotda o’z o’rnini topa olmagan ota-ona bolasiga singdiradi.
Bola baxtli va o’ziga ishongan bo’lib voyaga yetishini istasangiz quyidagi so’zlarni ayamang:
- Senda yaxshi fazilatlar juda ko’p.
- Yig’layver, yengil tortasan.
- Qancha bersang, shuncha olasan.
- Dadang (Oying) qanday ajoyib inson.
- Sen bizning baxtimizsan.
- Har bir inson o’z yo’lini o’zi tanlaydi.
- Sen sog’lomsan.
- Biz seni yaxshi ko’ramiz, tushunamiz.
- Sening fikring biz uchun qiziq.
- Xudoyim seni yaxshi ko’radi.
- Sen odamlarga qanday munosabatda bo’lsang, ular ham senga shunday munosabatda bo’ladilar.
- Hamma xato qiladi, yana bir urinib ko’r.
- Tozalikka rioya qilsang, sog’lom bo’lasan.
- Hammasi o’z qo’limizda.
- O’zingni sevishni bil, shunda boshqalar ham seni seva olishadi.
- Sen ko’p narsaga qodirsan.
- Rahmat.
- Sensiz nima qilar edik.
- Sen uchun xursandmiz.
- Hayot go’zal.
Ayb, uyat va qo’rquv hislari hech qachon insonni baxtli qila olmaydi. Bolani yerga urib, uning ishi tanqid qilinaversa, bola ulg’ayib o’ziga ishonmaydigan va mas’uliyatsiz bo’lib yetishadi. Bolaga qo’l ko’tarish, kamsitish uni kuchsiz inson qilib o’stiradi. Ayrim vaziyatlarda bolani tanqid qilish yoki koyish o’rniga oddiygina mehr bersangiz, yaxshiroq natijaga ega boʻlasiz. Mehringizni ayamang, u hech qachon ortiqchalik qilmaydi.
Har bir ota-ona farzandi baxtli bo’lishini istaydi. Lekin «baxtli bo’l» degani bilan hamma ham baxtli bo’lib qolmaydi. Bolaning tabiiy ravishda baxtli bo’la olishiga nima yordam beradi?
Yangi tug’ilgan chaqaloq bu dunyoni onaning ko’zi bilan ko’radi. Dunyo yaxshiliklari-yu yomonliklari unga ota-ona uchun yaxshi va yomon bo’lgan narsalarda ko’rinadi. Bolaga ota-ona «Sening ko’zing chiroyli», deb aytsa, «Mening ko’zim chiroyli ekan,» degan fikr bilan katta bo’ladi. Xuddi shunday boshqa narsalarga ham bolaning munosabati – bu ota-onaning munosabatidir.
Shunday ekan, bolaga baxt so’zini qanday anglatish mumkin? Bola baxtli bo’lishni qayerdan o’rgansin?
Baxt bola uchun ota-onasining shodligidir. Bola yoshligidan boshlab qancha ko’p ota-onasining kulishi, bir-biriga mehrga to’la munosabati va xursandchiligini ko’rsa, shu baxt ekan, shunday yashash kerak, degan fikr bilan ulg’ayadi.
Ota-onaning baxtli ko’rinishi, tabassumi bola uchun baxt ma’nosini anglatadi. «Hayotda baxt bor va unga erishish uchun ota-onamdek munosabat qurishim kerak», degan psixologik qarash bilan katta bo’ladi.
Lekin tez-tez janjallashib turadigan, ko’zlari ma’yus va xafa, ishi va hayotidan noliydigan ota-onani ko’rib o’sgan bola, katta bo’lganida xuddi shunday yashash tarzini o’z oilasiga va hayotiga olib kiradi. Bolaning o’z oilasiga ota-ona munosabatlarini olib kirishi psixologik holat sanaladi.
Shunday ekan, ota-onalar hech qachon farzandining oldida janjallashmaslikka, bir-birini haqorat qilmaslikka, behurmatlik ko’rsatmaslikka harakat qilishi kerak. Hatto orqadan turib bolaga eshittirib turmush o’rtog’i haqida noma’qul gaplarni gapirish ham mumkin emas.
Bola uchun ota ham, ona ham birdek aziz, bir-birini yomonlaganini yoki ranjitganini ko’rgan bola bunda, birinchi navbatda, o’zini ayblaydi. Natijada, o’ziga bo’lgan hurmati va ishonchi sina boshlaydi.
Ota-ona farzandiga yaxshi bilim olish uchun imkoniyat, sharoit va qimmatbaho o’yinchoqlarni sotib olishi mumkin, lekin baxt va xotirjamlik unda tabiiy ravishda bo’lishi kerak. Buning uchun esa bola yoshligidan ota-onasining «baxt»ini ko’rib yashashi lozim.
Bolaning ko’zlarida «baxt» – bu:
- onaning kulib yurishi;
- otaning asabiy bo’lmasligi;
- bir-biriga mehr-muhabbatining namoyon bo’lishi;
- ota-ona bir-birini sog’inishi;
- ota-ona bir-birini hurmat qilishi va hokazolar.
Bolaga baxtli bo’lgin, deyishni hadeb qaytaraverishdan ko’ra, bolaning ko’z o’ngida baxtli yashashi maqsadga muvofiq bo’ladi. Shunda farzand ulg’aygach o’z oilasidan, ishidan, umuman, hayotidan mamnun bo’ladi.
Erkak va ayol munosabatlari, inson psixologiyasi, farzand tarbiyasiga oid kitoblari bilan dunyoga mashhur bo’lgan yozuvchi Jon Greyning fikricha, bolani tarbiya qilishda 5 tamoyilga tayanish kerak ekan. Shunda bola odobli, aqlli va eng muhimi baxtli bo’lib o’sar ekan.
Ushbu 5 tamoyil bir-biri bilan uzviy bog’liq. Ularning barchasini amalga oshirgan holda bolani tarbiyalash juda katta ijobiy o’zgarishlarga olib kelar ekan.
1 — tamoyil
Boshqalardan farqli bo’lish — normal holat! Bola hech qachon boshqa bolaga o’xshashi kerak emas. Har bir bola o’zicha ajoyib va takrorlanmas ijobiy xususiyatlarga ega. Agar ota-ona bolasini boshqa bilan solishtirishni to’xtatsa, uning yutuq va kamchiliklarini boshqalarniki bilan taqqoslamasa, bolaning o’ziga bo’lgan ishonchi kuchli bo’lib, u yutuqlari yoki biror mehnati uchun emas, balki o’zi sevimli ekanligini anglab katta bo’ladi. Ota-ona esa solishtirishdan bosh tortsa, farzandining asl qobiliyatlarini ko’ra oladi.
2 — tamoyil
Xato qilish — normal holat! Inson xato qilsagina rivojlana oladi. Bola ham ulg’aygan sari xato qilishi yomon emas. Muhimi, bu xatolarning takrorlanmasligidir. Agar bolaning qilgan xatosi ota-ona jahlining chiqishiga olib kelsa, bola liderlik xususiyatlarini rivojlantira olmaydi. Biror ish qilishdan qo’rqib, o’ziga bo’lgan ishonchini yo’qota boradi.
3 — tamoyil
Salbiy hissiyotlarni ko’rsatish — normal holat! Yig’lash, jahl qilish, asabiylashish, xafa bo’lish kabi salbiy hissiyotlar bola uchun o’z his-tuyg’ularini anglashni o’rganishi uchun kerak. Bu tuyg’ularni bosish kerak emas. Aksincha, ular yuzaga chiqqanda bolaga dalda bo’lib, uning muammolarini ota-ona tushunayotganini ko’rsata bilishi kerak.
4 — tamoyil
Yanada ko’proq istash — normal holat! Bola istagi ko’pligi bilan kattalardan ajralib turadi. Unga doim yana-da ko’proq kerakdek tuyiladi. Bu istak bolada maqsadga intilish hissini kuchaytiradi. Bola ruhan kuchli bo’lishni o’rganadi. Bu degani har istagini bajarish shart emas, lekin bu istakni izhor etishini qo’llash kerak. Ota-ona xohlagan payti bolaning istaklariga rad javob berishi mumki, bu muammo emas. Muammo — boladagi istak tuyg’usini yo’qqa chiqarish, uni bu istagi uchun uyaltirish yoki koyish.
5 — tamoyil
Ota-onaga qarshi «yo’q» deyish normal holat, LEKIN doim esingizda tursin OTA-ONA — boshliq! Bu tamoyilning asosida bolaning o’z noroziligini bildira olish imkoniyati yotadi. Bolaga ota-ona biror buyruq bersa, u shu zahoti qilishi qiyin. Ba’zida esa qarshilik ham ko’rsatadi. Shunda ota-ona bolaga jahl qilmay, uning qarshiligini tushunayotganini, LEKIN baribir aytganini qilishi shart ekanligini tushuntira olishi kerak. Uning qarshiligini ota-ona tushunishi, unga yengillik beradi va qarshilik kuchi pasayadi. Agar noroziligini ko’rsatolmay ulg’aysa, katta bo’lgani sari bola ota-onadan uzoqlashib, sirlashmaydigan bo’lib qoladi.
Farzand tarbiyasiga oid bo’lgan eng yaxshi tavsiyalar jamlangan dasturni yuklab oling.
Linkni bosing: 👉 Farzandim dasturi