Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamd-u sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavot-u durudlar bo‘lsin.
Taom tanovul qilishdan oldin ikki qo‘l yuviladi.
Islomda taomdan oldin ikki qo‘lni yuvish diniy taʼlimotlar orasiga qo‘shilgan va u “baraka” deb atalgan.
Salmon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Taomning barakasi undan oldin (ikki qo‘lni) yuvishdir va undan keyin (ikki qo‘lni) yuvishdir», dedilar».
Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilganlar.
Olim va katta yoshdagi kishilar taom tanovul qilishni boshlamagunlaricha boshqalarning kutib turishi yuksak odob namunalaridandir.
Bu odobni ham boshqa odoblar qatori bolalarga yoshliklaridan o‘rgatib borish kerak. Baʼzi xalqlarda ushbu odob allaqachon unutilib bo’lingan. Bizda unga amal qilish hozir yaxshi darajada, deya olamiz. Faqat bu odobga amal qilishda bardavom bo‘lish kerak.
Huzayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan taomga hozir bo‘lsak, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshlamagunlaricha qo‘llarimizni uzatmas edik».
Muslim rivoyat qilgan.
Taom tanovul qilishni boshlashda “bismillah” aytiladi.
Dinimizda barcha yaxshi amallar tasmiya (“bismillah”) bilan boshlangani kabi taom isteʼmol qilish ham Allohning nomi ila boshlanadi.
Taom o‘ng qo‘l bilan yeyiladi.
Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom barcha ishlarni o‘ngdan boshlashni yaxshi ko‘rar, jumladan, taomni ham o‘ng qo‘llari bilan yer edilar.
Har kim o‘z oldidan yeydi.
Taom lagan kabi idishda keltirilsa, har kim o‘z oldidan yeydi, birovning oldidagi taomga qo‘l uzatmaydi. Chunki birovning oldidagi taomga qo‘l uzatish beodoblikdir.
Umar ibn Abu Salama roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qaramog‘idagi bola edim. Qo‘lim tovoqda borib-kelar edi. Shunda u zot menga: «Ey g‘ulom! “Bismillah”, degin, o‘ng qo‘ling bilan yegin, o‘z oldingdan yegin!» dedilar. Shundan so‘ng yeyishim shunday bo‘ldi».
Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Termiziy rivoyat qilganlar.
Qo‘l bilan yeganda, taom uchta barmoq bilan olinadi.
Bundan ko‘p barmog‘ini ishga solish ochko‘zlikdir.
Kaʼb ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
- «Nabiy sollallohu alayhi vasallam uchta barmoqlari bilan yer edilar va qo‘llarini artishdan oldin ularni yalar edilar».
Muslim, Abu Dovud, Termiziy va Nasaiy rivoyat qilganlar.
Taom suyanib, yonboshlagan holda yeyilmaydi.
Avvalo, bu ish beodoblik, madaniyatsizlikdir. Qolaversa, yonboshlab yotgan odamning taom yuradigan aʼzolari – ichaklari, qorni, oshqozoni noqulay holga kelib, faoliyati sustlashadi. Binobarin, u yegan taomning oshqozonda qayta ishlanishi, hazm bo‘lishi qiyinlashadi. Oqibatda inson sog‘lig‘iga zarar yetadi.
Abu Juhayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Men suyangan holimda yemayman», dedilar».
Buxoriy, Abu Dovud, Termiziy, Nasaiy rivoyat qilganlar.
Qo‘ldan tushgan va dasturxonga to‘kilgan taom olib yeyiladi. Qo‘lda va idishlarda qolgan taom yuqlarining isrof bo‘lishiga ham yo‘l qo‘yilmaydi.
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Albatta, shayton sizlarning har biringizning har bir ishida hozir bo‘ladi; taomiga ham hozir bo‘ladi. Qachon birortangizdan luqma tushsa, undagi nopoklikni ketkazib, keyin yesin. Uni shaytonga qoldirmasin. Forig‘ bo‘lgach, barmoqlarini yalasin. Chunki u taomining qayerida baraka bo‘lishini bilmas», dedilar».
Muslim, Abu Dovud, Termiziy va Nasaiy rivoyat qilganlar.
Taom yeb bo‘linganidan so‘ng Alloh taologa hamd aytib, duo qilinadi.
Yeb-ichgandan keyin shukur qilib, hamd aytishda Alloh taoloning yolg‘iz O‘zi rizq beruvchi Zot ekanini eʼtirof qilish bor. Shu bilan birga, bu ishda Alloh taologa shukrni doimiy yangilab turish maʼnosi ham bor. Shukr qilgan bandaga esa Allohning O‘zi neʼmatlarini ziyoda qilib berishni vaʼda qilgan.
Diyorimizda ovqatlanishdan keyin qilinadigan duolardan «Alhamdulillahillaziy atʼamanaa va saqonaa va jaʼalanaa minal muslimiyn» («Bizni yedirgan, ichirgan va musulmonlardan qilgan Allohga hamd bo‘lsin») degan duo keng tarqalgan.
“Sunan” sohiblarining rivoyatida:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam qachon taomlanishdan forig‘ bo‘lsalar: «Bizni yedirgan, ichirgan va musulmonlardan qilgan Allohga hamd bo‘lsin», der edilar», deyilgan.
Taomdan keyin ikki qo‘l yuviladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday qilganlar. Taomdan qolgan yuqlarini yuvib, ketkazish yuksak odob namunasidir.
Taomdan keyin avval tish tozalagich ila tish tozalanib, chiqqan ovqat qoldiqlari tuflab tashlanadi.
So‘ngra og‘iz chayiladi. Agar tish furshasi ila yuvilsa, yana ham yaxshi bo‘ladi.
«Suvayd ibn Nuʼmon roziyallohu anhu dedi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan Xaybarga chiqdik. Sahboga yetganimizda, u zot taom olib keltirdilar. Tolqondan boshqa hech narsa keltirilmadi. (O‘shani) yedik. So‘ng u zot namozga turayotib, og‘izlarini yaxshilab chaydilar. Biz ham chaydik».
Buxoriy rivoyat qilgan.
Ovqatlanishning islomiy madaniyatiga ko’ra har bir musulmon taomdan keyin og‘zini yaxshilab chayishi talab qilinadi. Bu ishni Nabiy sollallohu alayhi vasallam qilganlari haqida rivoyatlar ko‘p. Musulmonlar og‘izning toza-pok bo‘lishiga doimo katta eʼtibor berganlar. Og‘iz bilan Qurʼoni karim, ibodat duolari o‘qiladi, Alloh taoloning zikri qilinadi, shuning uchun u doimo pok bo‘lishi, turli noxush hidlar chiqmasligi kerak.
Taomni yomonlash mutlaqo mumkin emas.
Har qanday halol taom banda uchun Alloh taoloning neʼmati hisoblanadi. Har qanday neʼmat uchun banda Alloh taologa shukr qilishi lozim. Faqat nonko‘r insongina shukr o‘rniga taomni ayblashga o‘tadi.
Abu Hurayra roziyallohu anhu dedi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam hech qachon biror taomni ayblamasdilar. Agar ishtahalari tortsa, yerdilar. Ko‘ngillari tusamasa, tark qilar edilar».
Buxoriy, Muslim, Abu Dovud rivoyat qilganlar.
Musulmonlik odobi har qanday taom tanovul qilganda uni maqtashni, ayblamaslikni va taom tayyorlagan shaxsga tashakkur izhor qilishni taqozo qiladi.
Taom tayyorlagan shaxs taom tanovul qilgan kishiga yaxshilik qilgan shaxsdir. Yaxshilik qilgan kishiga esa tashakkur aytish lozim. Zotan, umumiy qoida shuki: «Odamlarga tashakkur qilmagan Alloh taologa ham shukur qilmaydi».
Taomni dasturxonda tartib bilan tanovul qilish yuksak odobdir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam doimo shunday qilganlar. Sahobalarni, siz bilan biz ummatlarini ham shunday qilishga undaganlar.
Taomlanishdan Alloh taoloning ibodatiga, taqvosiga tayyorlanish niyat qilinadi.
Ovqat yeyish lazzatlanish va faxrlanish uchun bo‘lmasligi zarur. Shundagina inson qilgan niyati tufayli ovqatlanganiga ham savob oladi.
Dasturxon ustida kamtarlik ila o‘tiriladi.
Kibr va manmanlik barcha joylarda ham musulmon insonga to‘g‘ri kelmaganidek, dasturxon ustida ham to‘g‘ri kelmaydi.
Taom tanovul qilishda shoshilmaslik kerak.
Taom asta, yaxshilab chaynaladi, bunda beo‘xshov ovozlar chiqishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Shoshilib ovqatlanish beodoblik va ochko‘zlik alomati bo‘lishi bilan birga, sog‘liqqa ham zarar keltiradi.
Taomni keragidan ortiqcha yemaslik zarur.
Chunki bu narsa eng avvalo isrofdir, qolaversa, ko‘p taom yegan kishi lanj, loqayd, ibodatlarga befarq bo‘lib qoladi, yana ko‘p taom yeyish oqibatida odam semirib, turli kasalliklarga chalinishi ham mumkin.
Miqdom ibn Maʼdiykarib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Odam bolasi to‘ldiradigan idishlarning eng yomoni qorindir. Odam bolasiga qaddini tutadigan yemaklar kifoyadir. Agar juda lozim bo‘lsa, taomi uchun uchdan bir, sharobi uchun uchdan bir va nafasi uchun uchdan bir», dedilar».
Termiziy, Ahmad va Hokim rivoyat qilganlar.
Taomning boriga shukur va qanoat qilish, yaxshisini axtarib, o‘zini ovora qilmaslik musulmonning yuksak odobidandir.
Musulmon kishi turmushini yaxshi taʼmin qilish uchun imkoniyatidagi barcha halol vositalarni ishga solib, harakat qilaveradi. Ammo rizq berish Allohdan ekanini hech qachon unutmaydi. Shuning uchun o‘ziga berilgan rizq-nasiba Allohning irodasi ila bo‘lgan, deb biladi. Oz bo‘lsa, norozi bo‘lmaydi, ko‘p bo‘lsa, hovliqib ketmaydi. Chunki Allohning irodasiga qarshi chiqish musulmon odam uchun to‘g‘ri kelmaydi.
Taomni yakka-yakka yemay, jamlanib yemoqda baraka borligini unutmaslik zarur.
«Ustida ko‘p qo‘l bo‘lgan ovqat Alloh huzurida ovqatlarning sevimlisidir», deganlar Payg‘ambar alayhissalom.
«Bir jamoa odamlar:
«Ey Allohning Rasuli, biz yeymiz, lekin to‘ymaymiz», deyishdi.
«Ehtimol, tarqoqdirsizlar?» dedilar u zot.
“Ha”, deyishdi.
«Taomingizga to‘planinglar va Allohning ismini zikr qilinglar. (Shunda) sizlarga unda baraka berilur», dedilar».
Abu Dovud rivoyat qilgan.
Taom issiq bo‘lsa, uning sovushini kutib turish ham taomlanish odoblaridandir.
Taom issiq yoki juda sovuq holda yeyilmaydi, unga puflanmaydi, hidlab ko‘rilmaydi, xo‘rillatib yoki chapillatib isteʼmol qilinmaydi.
Asmo binti Abu Bakr roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«U kishiga sariyd (taom) keltirilsa, hovuri bosilguncha ustini yopib qo‘yishga buyurar va:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Shunda katta baraka bor», deyayotganlarini eshitganman», der edi».
Dorimiy rivoyat qilgan.
Taomni puflamaslik yuksak islomiy odobdandir.
Taom ustida nafas olinmaydi, agar u issiq bo‘lsa, puflab sovutilmaydi. Luqmani olib borayotganda og‘iz katta ochilmaydi. Taom yeyilayotgan qo‘l kosa yoki tovoqqa, dasturxonga silkitilmaydi.
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam taom va sharobga puflashdan qaytardilar».
Ahmad rivoyat qilgan.
Taomni chetidan yeb borish odobdandir, o‘rtasidan va ustidan yeyish beodoblikdir.
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Qachon biringiz taom yesa, tovoqning ust tomonidan yemasin. Balki past tomonidan yesin. Chunki baraka uning ust tomonidan nozil bo‘lur», dedilar».
Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilganlar va Termiziyning lafzida:
«Baraka taomning o‘rtasidan nozil bo‘ladi. Bas, uni atrofidan yeng, o‘rtasidan yemang», deyilgan.
Taomni o‘tirib yeyish odobdandir, tik turib yoki yurgan holda yeyish beodoblikdir.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam tik turib ichishdan qaytardilar. Shunda:
“Yeyish-chi?” deyildi.
«U yana ham og‘irroq», dedilar».
Termiziy va Muslim rivoyat qilganlar.
Muslimning lafzida:
«U yana ham yomonroq yoki chirkinroq», deyilgan.
Yaqinda turgan kishilarni, xodimlarni ham birga ovqatlanishga chorlash yuksak odob namunasidir.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Qachon birortangizning xodimi uning taomiga, (taomining) issig‘i va tutuniga kifoya qilsa, qo‘lidan ushlab, o‘zi bilan birga o‘tirg‘izsin. Agar ko‘nmasa, bir luqma olib, unga yegizsin», dedilar».
Buxoriy, Muslim, Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilganlar.
Dasturxon ustida gaplashib o‘tirish mustahabdir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va sahobai kiromlar shunday qilganlar.
Taomlanish oxiriga yetganda, hamma birga duo qilib, o‘rnidan turishi yuksak odobdir.
Shunda hamma oxirigacha taomlanib, hech kim xijolat bo‘lmay, barcha baravar turgan bo‘ladi.
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam Saʼd ibn Ubodanikida non va yog‘ yedilar. Forig‘ bo‘lgan chog‘larida:
«Huzuringizda ro‘zadorlar iftor qilsin. Taomingizni abrorlar yesin. Farishtalar sizga istig‘for aytsin», dedilar».
Abu Dovud rivoyat qilgan.
Farzand tarbiyasiga oid bo’lgan eng yaxshi tavsiyalar jamlangan dasturni yuklab oling.
Linkni bosing: 👉 Farzandim dasturi