Amerika Pediatrlari Uyushmasi tadqiqotlarining ko’rsatishicha, bola bilan har kuni 15 daqiqa davomida kitob mutolaa qilishning foydasi katta ekan.
- Bola miyasining 90% uning 3 yoshiga qadar rivojlanib bo’ladi. Shu davrda bolaga kitob o’qib berish miya rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko’rsatadi.
- Uch yoshlik bolaning so’z boyligiga qarab u maktabga qabul qilinganidan soʻng «o’qish»dan necha baho olishini oldindan bilsa bo’ladi.
- Kuniga 15 daqiqa davomida bolaga kitob o’qib berilsa, u 1 yil mobaynida 1 millionga yaqin yangi so’zni eshitgan bo’ladi.
- Birinchi sinf kitoblarini o’qiy olmagan bola, keyinchalik 4 sinf kitoblarini ham o’qiy olmaydi.
- Maktabgacha yoshdagi bolalarga ko’p kitob o’qib berilsa, ular 1-sinfga qadar alifboni o’rgana oladi, 20 gacha sanay oladi va o’z ismlarini yoza oladi.
- Bolaning maktab yoshigacha bo’lgan davrida ota-onasi bilan kitob o’qishi maktab davrida kitobga qiziquvchanliging oshishiga olib keladi.
- Yoshligidan kitob o’qishga odatlangan bolada til nuqsonlari, oʻgʻzaki nutqdagi qiyinchiliklar kam namoyon bo’ladi.
- O’qish boshqalarning hissiyotlarini tushunishga yordam beradi.
- O’qish bola bilimlari asosidir.
- Kitobdan olingan ma’lumot televizor, internet va radiodagi qabul qilingan ma’lumotdan ko’ra ko’proq miyaga ijobiy ta’sir qiladi. Bundan tashqari, kitob o’qish zehnni charxlab, diqqatni bir joyda uzoq vaqt ushlay olish qobiliyatini kuchaytiradi.
- Statistikaga ko’ra, maktab yoshidagi bolalarga ota-ona kitob o’qib bersa, kitobga bo’lgan qiziqish 100% bo’ladi. To’rtinchi sinfga kelib kitobga bo’lgan qiziqish 54%gacha tushib ketadi. Buning sababi, bola bilan ota-ona birga o’qimasligida ekan.
- Kitob tili adabiy va chiroylidir.
- Kitobni qiziqish va ishtiyoq bilan bolaga o’qib berish keyinchalik unda kitobga mehr uyg’onishiga olib keladi.
- Televizordagi berilayotgan «lug’at» dan ko’ra kitobda berilayotgan matndagi «lug’at» ikki barobar ko’pdir.
- Uyda 6-8 yoshli bolalarga ota-onasi kitob o’qib berish davrini bolalarning biri kitobni sevganlari uchun xush ko’rsalar, biri ota-onasi bilan ajoyib vaqt o’tkazayotganlari uchun yaxshi ko’rar ekanlar.
Bolaning aqliy rivojlanishi haqida qayg’uradigan ota-ona unga, albatta, kitob o’qib berishi kerak ekan. Bu Kaliforniya Universiteti tadqiqotlarining xulosasidir.
Bolaga har kuni yotishdan oldin baland ovozda kitob o’qib berilsa, uning aqliy rivojlanishiga katta ijobiy ta’sir koʻrsatilar ekan.
Psixologik tekshiruvlar shuni ko’rsatdiki, bolaga kitob o’qib berilganida unda:
- so’z boyligi oshadi;
- kitobga mehr paydo bo’ladi;
- muomalasi chiroyli bo’ladi.
Kitobda qanchalik mukammal so’zlar mavjud bo’lsa, kelajakda bolaga bu so’zlarni o’rganish yana-da oson bo’lar ekan.
Yangi tug’ilgan chaqaloqqa 5 daqiqa davomida bo’lsa ham kitob o’qib berish, uning aqliy rivojlanishi uchun juda foydali ekanligi isbotlangan.
Yana bir tadqiqotning ko’rsatishicha, 3 yoshdan 5 yoshgacha bo’lgan bolalarga ko’p kitob o’qib berilsa, ularning chap miya yarimshari rivojlanar ekan. Bu degani, bolada suhbat qilish, tasavvur, tilga moyillik kabi xislatlar yuksaladi. Kitobni o’qilishini ko’p eshitgan bola buyum va so’zlar orasida bog’liqlik ko’p ko’ra boshlaydi. Bu esa bola miyasining ilmiy, akademik yo’nalishda rivojlanishiga turtki bo’ladi.
Bundan tashqari, uyquga ketishdan oldin kitob o’qilsa, bolaning uxlashi oson va tinch boʻladi, ota-ona va bola orasidagi ruhiy munosabat yanada mustahkamlanadi.
Bolaga qanday kitob tanlash lozim?
Eng yaxshi kitob, bu klassik ertak va hikoyalardir. Lekin undan-da yaxshi tanlov — bolaning o’zi qiziqqan kitobni o’qib berish. Bola bilan kitob do’konlariga tez-tez borib turish kerak. U yerdan bola o’zi qiziqib tanlagan kitobni sotib olish va o’qib berish maqsadga muvofiq bo’ladi.
Bitta o’yinchoqning narxiga ba’zida 10 dona kichik kitob sotib olsa bo’ladi. Ota-ona pulni sifatsiz, keraksiz va ba’zida zararli plastikdan yasalgan o’yinchoqqa emas, foydali va qiziqarli kitob xarid qilishga sarflasa, bolaning kelajagiga katta ijobiy hissa qo’shgan bo’ladi. Keyinchalik bola ham, o’yinchoq do’koniga emas, balki kitob do’koniga borishni afzal ko’rib qoladi.
Muallif: Muminova Dinara
Manba: Uzbaby.uz
Farzand tarbiyasiga oid bo’lgan eng yaxshi tavsiyalar jamlangan dasturni yuklab oling.
Linkni bosing: 👉 Farzandim dasturi