Chaqaloq parvarishi muhim ahamiyat kasb etadi. Ota-onalar quyidagi 10 tamoyilga asoslansalar bola parvarishi osonroq bo’ladi.
1. Chaqaloq parvarishi uchun kosmetik vositalardan foydalanmang. Kremni o’rniga oddiy sterillangan zaytun yog’idan foydalaning.
2. Chaqaloqni imkon qadar har kuni cho’miltiring.
3. Bolani issiq kiyintirmang. Bolada issiqlik almashinuvi kattalarnikiga nisbatan o’zgacha bo’ladi, u tez terlab ketishi mumkin. Terlagan bola esa oson shamollaydi.
4. Bolani cho’miltirishda shampundan foydalanmang. Eng oddiy, lekin aynan bolalar uchun ishlab chiqarilgan hidsiz va qo’shimchalarsiz bo’lgan sovundan foydalaning.
5. Bolani ko’p qo’lda olib yuring. Qancha ko’p qo’lda bo’lsa, shuncha yaxshi uxlaydi va vazni tez oshadi. Qo’lga o’rganib qolishidan qo’rmang. U hozir bunga jismonan muhtojdir. Bola 8-9 oylikda o’zi qo’lingizdan yerga tushishga intiladi.
6. Ko’krak suti yetmayotgan bo’lsa, vahimaga tushmang. Bola tug’ilganidan so’ng 6 oygacha onada sut kamayish holatlari kuzatilib turadi. Shu kunlarda bolani yanada ko’proq quchoqlab ko’tarib yuring. Uning badani sizning organizmingizda sut ko’payishini kuchaytiradi. Qo’shimcha berishga shoshilmang. Shu kunlarda (sutingiz bo’lmasa ham ) bolani tez-tez va uzoq vaqt mobaynida emizsangiz 2-3 kunda sutingiz ko’payganini sezasiz.
7. Bolaga uy ichida bosh kiyim qiyg’azish shart emas.
8. Xona quruq bo’lsa, bolaning burni qurib tunda uyqusi buziladi. Xonada 40-60% namlikni ushlab turing. Buning uchun nam sochiqlarni ilib qo’ysangiz bo’ladi.
9. Bolani parvarish qilayotganingizda uni badanini doim silang. 1-2 oylik bolani parvarish qilishda uni silash massaj kabi samara bera oladi.
10. Chaqaloq 1-2 oylik bo’lsa ham uni parvarish qilayotganingizda, kun davomida u bilan mayin ovozda suhbatlashing.
Eng asosiy tamoyil esa bolani parvarishi oson bo’lishi, chaqaloq yaxshi rivojlanishi uchun uyda tartibga rioya qiling. Barcha ishlaringiz muntazam ravishdagi tartibda bo’lsin. Faqat ovqatlanish vaqtini bola o’zi «tanlasin». Qolganiga vaqt belgilab, unga, albatta, amal qiling. Masalan, uyqu vaqti, uyga qarash vaqti, dam olish vaqti va hokazolar.
Dunyoning mashhur pediatrlarining ta’kidlashicha bolani katta qilish va parvarishlash oson bo’lsin desangiz, doim reja asosida bir tartibda ish tuting.
Uyda yangi chaqaloq kutilayotganda ota-ona nima olish kerak deb, har ehtimolga qarshi hamma narsa olib qo’yaveradilar. Aslida bola uchun ko’p narsa kerak emas. Quyida bolaning dastlabki oylari uchun mo’ljallangan kerakli buyumlar ro’yxati.
Asosiy kiyimlar:
– 4 ta paxmoq ishton;
– 3 juft pinetka yoki paypoq;
– 2 ta adyol (ko’chaga chiqish uchun);
– 3-4 ta ko’ylak (raspashonka);
– 3 ta yengil ustki kiyim bosh (ko’ylakcha, ishton, rubashka).
Biroz o’sgandan so’ng:
– 4 ta chit kombinezon (tagliklar almashtirish uchun moslashgan);
– 2 ta so’lakcha;
– Ko’chada aylanish va mehmonga borish uchun kiyim.
Mavsum kiyimi:
– 2ta bosh kiyim: yengil- boshni yopadigan, issiqroq- shamolda kiyadigan;
– 2 ta jemper;
– Issiq, ichi yungdan qilingan kombinezon (qo’l va oyoqlari yopiq bo’lgani yaxshi);
– 2 ta issiq adyol (kolyaskani ustiga).
Tagliklar
Birinchi oyda har 2-3 soatda almashtirishni mo’ljallab oling.
Uxlash uchun:
– 2 ta kleenka;
– 3 ta to’shak uchun choyshab;
– 1 ta issiq adyol;
– 1 ta yengil adyol.
Cho’miltirish uchun:
– Mochalka;
– 2 katta sochiq;
– Bolalar sovuni va shampuni;
– Bolalar vannachasi;
– Bolalar tarog’i;
– Kichik bolalar uchun mo’ljallangan tirnoq olgich-qaychi.
Agar smes bilan oziqlantirishni mo’ljallasangiz:
– 4 ta 120 ml li butilka;
– 4 ta soska (butilka uchun);
– Pinset;
– O’lchagich piyolalar;
– Qoshiq;
– Sterillashtirish uchun idish;
Agar ko’krak sutini berishni mo’ljallagan bo’lsangiz:
– Emizish uchun 3 ta maxsus byustgalter;
– Ko’krak suti oqib ketishidan saqlovchi prokladkalar;
– Emizish jarayoni qulay bo’lishi uchun maxsus yog’istiqlar, kreslo, kiyim.
Birinchi oylarda kerakli dori va boshqa parvarish anjomlari:
– Kir sovun;
– Vazelin;
– Termometr;
– Antiseptiklar (yaralarni obrabotka qilish uchun);
– Paxta;
– Bint;
– Istma tushuruvchi dori…
Bu haqida bu yerda to’liq ma’lumot olishingiz mumkin.
Bolalar xonasi uchun:
– Belanchak;
– Bola uchun karavot;
– Bola kiyimlar uchun shkaf.
Ko’chaga chiqish uchun:
– Ko’tarib yurish moslamasi (kenguru, sling);
– Mashina o’tirg’ichi (korset);
– Bola narsalarini olib yurish uchun sumka;
– Kolyaska.
Tizangizga o’tirib uy bo’ylab bir aylanib chiqing, uyga bolangiz ko’zi bilan bir nazar tashlang-chi…atrofda qanchalik uning ko’ziga qiziq narsalar ko’p. Bir-ikki yoshli bola xavfli va xavfsiz degan tushunchani anglay olmaydi. Shuning uchun siz uni xavfdan holi qilish uchun uyni bolaga moslashtirishingiz kerak. Quyidagilarga alohida e’tibor qarating:
1. Uydagi dorilar:
– Dorilar bola qo’li yetmaydigan joydami?
– Agar dorilar ochiq joyda saqlansa, qopqoqlari yaxshi yopilganmi (bola ocholmaydigan darajadami)?
– Dorilar turadigan shkaf quluflanganmi?
– Muddati o’tgan dorilarni vaqtida tashlab yuborasizmi?
– Qaychi, lezviya, nina va shu kabi boshqa narsalar bola qo’li yetmaydigan joyda saqlanadimi?
Bolali uyda albatta aptechka (kerakli dorilar to’plami) bo’lishi shart. Aptechka dorilarining asosiylariga quyidagilarni kiritish mumkin:
1. Asetomenofen (og’riq qoldiruvchi suyuq dori). Sotuvda bolalar uchun u parasetamol bilan birga(isitma tushirish uchun) suyuqlik shaklida sotiladi. Asosiy sotuvdagi nomlari: Taylenol, Panadol;
2. Oq oddiy leykoplastr;
3. Spirtli paxta tamponlari;
4. Antibiotikli maz;
5. Dezinfeksiyalovchi suyuqlik (aptekalarda turli xili mavjud: Betadine, Hibiclens);
6. Steril leykoplastr;
7. Paxtali tayoqchalar;
8. Fonarcha;
9. Bint;
10. Vodorod periksi;
11. Muz solingan paketchalar (doim muzlatgichda turib, bola lat yeganda shikkastlagan joyga qo’yish uchun tayyor bo’lib turadi);
12. Ipekakuana siropi (qustiradigan suyuqlik bo’lib, bola zaharlanganda vrach bilan maslahat qilgan holda qustirish uchun qo’llaniladi);
13. Pipetka, o’lchov qoshiqcha (dori berishda o’lchash uchun);
14. Burun tozalash uchun namokob suv (aptekalarda Sodium Hloride deb sotiladi);
15. Uchi o’tkir bo’lmagan kichik qaychi (tirnoq olish uchun);
16. Kichik plastrlar;
17. Termometr;
18. Pinset;
19. Gliserin svechalar (bola qornida gaz yig’ilib qolsa, ichi qotib qolsa foydalaniladi);
Albatta bundan boshqa dorilar yoki vositalar ham kerak bo’lishi mumkin. Lekin bu ro’yxatdagi buyumlar har bir bolali xonadonda bo’lmog’i lozim.
2. Vannaxona:
– Vannaning ichida bola sirpanmasligi uchun kerakli anjomlar (gilamcha, sirpanmaslik uchun nakleykalar) bormi?
– Vannaxonadagi gilamchalar ho’l bo’lsa sirpanmaydimi?
– Elektr asboblar suvdan uzoqda joylashganmi?
– Lak, aseton, kosmetik buyumlar bola qo’li yetmaydigan joyda saqlanadimi?
– Vannani eshigi doim yopiq turadimi? (Ikki yoshli bolalarning vannaxonaga kirib ichkaridan qulflanib olish odatlari bor). Shunday holat yuz bermasligi uchun qulfni olib tashlang, va ichkaridan yuqoriga oddiy osilgichli zanjir o’rnatib qo’ying.
– Unitaz qopqog’i yopiqmi, bolar unitaz ichiga mo’ralayman deb ichiga tushib ketishlari va suv bilan tiqilib qolishlari mumkin.
– Vannaxonada shishali buyumlar yoqmi? (Kafelga tushib sinsa parchalari keng tarqalib ketish xavfi bor).
– Vannada cho’milib bo’lgandan so’ng suvni tezda tushirib yuborasizmi?
Eng asosiysi, hech qachon bolani yolg’iz vannada qoldirmang. Bola 3 sm chuqurlikdagi suvda ham tiqilib cho’kishi mumkin.
1. Chaqaloqni birinchi bor qachon cho’miltirish lozim?
Ayrim pediatrlarning ta’kidlashicha, chaqaloqni kindigi tushib ketmaguniga qadar bolani vannachada cho’miltirish mumkin emas. Boshqa pediatrlar bolani tug’ilganidanoq kindigiga qaramay bemalol cho’miltirish mumkin degan fikrda bo’ladilar. Siz o’zingiz hissiyotingizga qarab bir yo’lni tanlab olishingiz mumkin. Albatta, agar chaqaloq birinchi farzandingiz bo’lib, sizda kindik uchun biroz xavotir bo’lsa, u holda kindik tushib ketmaguncha cho’miltirmasdan yumshoq dastro’molcha bilan iliqdan issiqroq suvga botirib bola tanasini artib turing (har kuni). Kindik atrofini astalik bilan artib o’ting.
Agar yangi zamon onasi bo’lsangiz, o’zingizga ishongan va cho’miltirishga qo’rqmaydigan bo’lsangiz, u holda bemalol chaqalog’ingizni cho’miltirishingiz mumkin. Faqat cho’miltirib bo’lgach kindik va uning atrofini yumshoq salfetkada quruqlating. Bunda salfetkani badanga ishqalamasdan, asta-asta bosib kindik va uning atrofidagi namlikni shimdiring. Kindik ho’l bo’lib qolib ketishi mutloq mumkin emas.
2. Cho’miltirish jarayonida bolani qanday yuvish lozim?
Bolani ishqalab yuvmaysiz albatta. Shunchaki suvni badaniga tekkizib-tekkizib, bir oz sovunlab, chayib tezda olib chiqasiz. Boshini tanasidan oldin yuvib, sovuq qotmasligi uchun artib bosh kiyim kiyg’azib qo’yish lozim.
3. Yuzlarini qanday yuvish kerak?
Chaqaloq yuzi juda mayin bo’ladi. Uni cho’miltirganda emas, balki yotgan holida mayin sochiqni iliq suvga botirgan holda asta-asta artib chiqing. Ko’zlarini ham shunday sekin bosmasdan ichkaridan tashqariga qarab arting.
4. Chaqaloqning quloq-burnini tozalash kerakmi?
Maxsus paxtali tayoqchalarda faqat quloq orqasini artish mumkin. Quloq ichiga tayoqchalarni tiqish ASLO mumkin emas. Burnini tozalash uchun tayoqchani burun uchiga keltirib astalik bilan tozalab chiqing. Agar burunda nimadir yig’ilgan bo’lsa, burun uchidagi tayoqchaga qisman bo’lsada ilinib chiqib kelaveradi. Ichkariga tayoqchani tiqmang.
5. Qanchada chaqaloqni cho’miltirish lozim?
Qishki payt haftada ikki marta yetadi. Ammo qo’ltiq, quloq orqasi, bo’yin, oyoq bukiladigan joylar, taglik kiyilgan joylar kunda yaxshilab tozalanib turilishi (ho’llangan salfetkalarda artilib) lozim. Yangi chaqaloqlarda u yerlari juda mayin bo’lib, tezda bichib ketishi mumkin.
6. Sovun ishlatish shartmi?
Bolaning butun badaniga sovun ishlatish shart emas. Teri ko’p chiqadigan joylariga, taglik o’rnida ishlatilsa bo’ladi. Boshini haftada bir-ikki marta sovunlasa yetadi. Sovunni ishlatishdan oldin tekshirib ko’ring-bolada unga nisbatan allergiya yo’qmi? Avval bola badanining kichik bir qismini yangi sovunda yuvib 1-2 kun kuzating. Agar hech qanday toshma, qizarish bo’lmasa, demak sovun bolaga ma’qul keldi. Bolaga maxsus bolalar uchun tayyorlangan sovundan foydalaning.
7. Prisipka va yog’ ishlatish shartmi?
Ayrim bolalarda prisipka kukuniga allergiya bo’ladi. Qo’ltiq, tirsak bukilishi va boshqa bukilib turgan joylarga yog’ surtsa bo’ladi. Lekin kosmetik yog’ emas, balki o’zingiz tayyorlagan maxsus zaytun yog’idan ishlating.
8. Bola cho’milayotganda qichqirib yig’laydi, nega?
Agar qichqirib yig’lashga boshqa jiddiy sabab bo’lmasa, bola yig’lashining asosiy sababi – bu uning qo’rquvidir. Bu qo’rquv ko’pincha yuvayotgan ota-onaning vahimasidan paydo bo’ladi. Yangi chaqaloqni yuvayotganda, ko’p ota-onalar vahimada bo’lib, «to’g’ri qilyapmanmi?», «yiqitib yubormayapmanmi?» degan savollar bilan o’zlari qo’rquvda bo’ladilar. Bola buni juda yaxshi sezadi. Shuning uchun o’zingiz tinchlanib, ashula kuylab, yoki bola bilan gaplashib (shirin muloyim ovozda), bolani qo’llaringizda mahkam ushlab (hayajonsiz) chaqaloqni cho’miltiring. Yana bir kichik sir – bolaning qo’liga bir kichik toza dastro’molcha qistirib qo’ying, ko’pincha shuni o’zi bola yig’lamasligi uchun kifoya bo’ladi.
Esingizda bo’lsin! Cho’miltirishdan oldin bolaning toza kiyimlarini, sochiq, taglik, salfetka va boshqa kerakli anjomlarni tayyorlab qo’ying. Bola cho’milib chiqqanda uni tezda artib, quruq qilib, tezda kiyimlarini kiyintirib qo’yish lozim.
3. Oshxona:
– Bolaning qo’liga sinadigan idishlar tushmasligi kerak.
– Ovqat pishirayotganingizda qozon-tovoqlar ushlagichlarini orqa tomonga surib qo’yishni unutmang, oldingizda o’rmalashib yurayotgan bola ularni tortib yuborishi oson, iloji boricha gazning orqa komforkalarida ovqat pishiring.
– Uyda olov o’chirgich moslamalarini saqlang.
– Pichoqlarni uzoqda saqlang.
– Bola oshxona stulini surib ustiga chiqib olsa, zaharli moddalar yoki xavfli asboblar xavfi ostida bo’lib qolmaydimi?
– Bola tiqilib qolishi mumkin bo’lgan narsalar bola ko’rmaydigan joyda joylashganmi?
– Pol kafel bo’lsa sirpanmaslik uchun kerakli anjomlar o’rnatib qo’yilganmi?
– Blender, toster kabi elektranjomlarni tokdan o’chirib yurishni odat qiling.
– Bola uchun oshxona shkaflaridan birini ajratib qo’ying, siz ovqat qilish jarayonida bolada o’z shkafchasi bilan o’ynab o’tirish imkoniyati bo’lishi kerak.
– Ayrim shkaflarga kerakli qulflar o’rnatib qo’ying. Xlorka, yuvadigan suyuqliklar, tarakan dori kabi narsalar quluflangan ishkafda saqlanishi lozim.
– Elektrasboblar simi yerga, bola qo’li yetadigan darajada osilib turmayaptimi? Bolalar uni tortib olishi hech gap emas.
Hech qachon bolangiz haqida kam o’ylamang, siz o’ylagandan ham zukkoroq va pishiqroq bo’ladi.
4. Ovqat yeyish jarayoni:
– Bolangizni ovqat yeb turgan paytida xona bo’ylab chopib yugurishini ta’qiqlang: tiqilib qolishi mumkin.
– Ovqat tayyorlash jarayoniga e’tiborli bo’ling: masalan, sosiskalar xavfli bo’lishi mumkin, chunki bola tishlab olgan qismni chaynamay yutib yuboradi va tiqilib qolishi mumkin. Mahsulotlarni yutishga oson bo’lgan darajada to’g’rab bering. Olma, uzum, nok po’choqlarini tozalab bering. Danak, pistalarni ezib bering.
5. Yotoqxona:
– Bola uxlaydigan joyi har tomonlama xavfsiz ekanligiga amin bo’ling
– Bolani hech qachon katta karavatda bir daqiqaga ham qarovsiz qoldirmang (masalan, tagliklar almashtirish jarayonida)
– Bolani parvarish qilishda kerak bo’ladigan narsalarni (pipetka, paxta, yog’, qaychi va hokazo) bola qo’li yetmaydigan joyda saqlang.
Doim esingizda bo’lsinki, bolaga «yo’q», «tegma», «mumkin emas» degandan ko’ra, uyni bolaga moslashtirish sizga ham oson, bolaga ham xavfsiz bo’ladi.
Yozda tug’ilgan chaqaloqni parvarish qilish qishda tug’ilgan chaqaloqni parvarish qilishdan ko’ra qiyinroq. Qishda birgina muammo – chaqaloqning sovuq qotmasligi bo’lsa, yozda chillali chaqaloq uchun maxsus e’tibor talab etiladi.
1. Bola so’raganida emizing. Issiq kunda chaqaloqlar chanqagani uchun ham sutni tez-tez emib turishni istaydi. Besh-olti oygacha ona sutini emayotgan bolaga suv berish shart emas.
2. Uy harorati juda yuqori bo’lsa, ventilyator emas balki kondisioner yoqib qo’ying.
3. Kondisioner kun mobaynida o’chirilmasdan yoqilgan bo’lib, xonada bir haroratni ta’minlab turishi lozim. O’chirib yoqqanda esa bola orada terlagan bo’lsa, muzdek havodan shamollashi oson bo’ladi.
4. Bolani kuniga kamida 2 marta iliq suvda chayintiring.
5. Bola yotgan choyshab paxta tolasidan bo’lishi shart.
6. Issiq havoda bolani ko’chaga olib chiqmang.
Chaqaloq 3 soat davomida siymagan bo’lsa, u suvsizlanib qolgan bo’lishi mumkin. Bu holat esa tez tibbiy yordamni talab etadi.
7. Bolani issiq mashinani ichida 1 daqiqaga ham qoldirib ketmang.
8. Kiyimni imkon qadar kamaytiring yoki umuman kiydirmang.
9. Issiq kunda tagliklar tufayli bola terida tez issiqlik toshadi. Kun mobaynida imkon qadar uzoq vaqt davomida bolani tagliksiz yotqizing.
10. Issiq kunda bola yig’layotgan bo’lsa, emizing, chanqayotgan bo’lish ehtimoli yuqori.
Chaqaloqlarga so’rg’ich olishdan oldin quyidagi maslahatlar bilan tanishib chiqishingizni tavsiya qilamiz.
So’rg’ichning qanday turlari mavjud?
Lateksli so’r’gichlar tabiiy hisoblanib, rangi to’q sarg’ish bo’ladi. Ular ko’pincha muddatidan oldin tug’ilgan va nozik chaqaloqlarga tavsiya etiladi. Sababi, lateksli so’rg’ichlar og’iz haroratida isib yumshaydi va ona ko’kragini eslata oladi. Lekin lateksli so’rg’ichlar tarkibida oqsillar mavjudligi tufayli bolada allergiyani keltirib chiqarishi mumkin.
Lateksli so’rg’ichlarni tanlashda yuqori sifatli taniqli brendlarga mansub bo’lganini tanlash zarur. Sifatsiz lateks o’zidan konseragen (salomatlik uchun o’ta zararli) moddalarni chiqarish xususiyatiga ega.
Silikonli so’rg’ichlar sun’iy materialdan tayyorlanadi. Ular rangsiz bo’ladi. Silikonli sorg’ichning asosiy xususiyati bolada allergiya qo’zg’amaydi, chunki silikon lateksdan farqli ravishda sun’iy moddadir. Silikonli so’rg’ich lateksli so’rg’ichdan ko’ra uzoqroq muddatga yaroqlidir.
So’rg’ichni shakliga qarab farqlash:
Oddiy so’rg’ich – asosan lateksdan tayyorlangan bo’lib, ona ko’kragi shaklida bo’ladi. Uning uchi kattaroq va dumaloq shaklga ega bo’ladi.
Anotomik so’r’gich – yangi tug’ilgan chaqaloqlar uchun mo’ljallangan. Uning uchi biroz ezilgan shaklga ega bo’lib, chaqaloq tanglayiga taqalib turadi.
Ortopedik so’rg’ich – tomchi shaklini eslatadi. Bu shakldagi so’rg’ichlar bolaning og’iz bo’shlig’ini butunlay qoplamaydi, natijada tish va jag’ deformasiyalanmaydi.
So’rg’ichni tanlashda nimaga e’tibor berish zarur?
Chaqaloqning vazni;
Og’iz bo’shlig’i kattaligi;
Ko’krak suti yoki aralashmani ichishi;
Chaqaloq yoshi;
So’rg’ich qaysi maqsadda berilishi.
Har bir bola uchun va alohida vaziyat uchun o’ziga yarasha so’rg’ich talab etiladi.
So’rg’ichdan foydalanish davomida quyidagilarni bilish muhim:
Bir so’rg’ichdan faqat bir bola foydalanishi kerak;
So’rg’ich teshilgan, shakli buzilgan, rangi o’zgargan yoki deformasiyalangan bo’lsa, undan foydalanish mumkin emas;
So’rg’ichni kamida 6-8 haftada almashtirib turish lozim;
So’rg’ichni muntazam ravishda tozalab yuvib, sterilizasiya qilish talab etiladi;
So’rg’ichni issiqlik yoki quyosh nurlari yonida qoldrish mumkin emas;
Sorg’ichni bolaning bo’yniga ip yordamida osish o’ta xavfli, bo’g’ilib qolish ehtimoli katta. Uning o’rniga kiyimga qadaladigan maxsus so’rg’ich ilmoqlaridan foydalanish tavsiya etiladi.
Yana bir kichik tavsiya, imkon qadar so’rg’ichdan kamroq foydalanish ma’qul, chunki uning ijobiy ta’siridan ko’ra salbiy ta’sirlari ko’proq.
Farzand tarbiyasiga oid bo’lgan eng yaxshi tavsiyalar jamlangan dasturni yuklab oling.
Linkni bosing: 👉 Farzandim dasturi