Quyidagilarni amalga oshirib ko’ring:
1. Bolangiz gorshokka o’tirishga tayyor ekanligiga amin bo’ling.
Gorshokka o’rganish bola rivojlanishidagi yangi bir bosqichdir. Qanday bo’lmasin, yangi bosqichdan o’tish bolada ma’lum bir psixologik va jismoniy o’zgarishni talab etadi. Bolaning turmush tarziga yangilik kiritayotganingizda, avvalambor, uning o’ziga qarang. Bola bunga tayyormi, yo’qmi? Gorshokka tayyor bo’lganini quyidagilardan aniqlashingiz mumkin:
- bola sizning hojatga borishingizni taqlid qiladi;
- qorni ochganligi to’g’risida so’z bilan xabar bera oladi;
- «koptokni olib kel» kabi oddiy talablarni tushuna oladi;
- tagligi kir bo’lganida, g’ashiga tegayotganini bildiradi (uni yechishni xohlaydi, tagligiga sizning nazaringizni qaratadi)
- gorshokda o’zi o’tira oladi;
- 3 soatcha quruq yurishi mumkin;
- o’z jinsiy a’zolarini o’rganadi.
2. Bolangizni gorshokka o’rgatishga o’zingiz tayyor ekanligingizga ishonch hosil qiling.
Siz tayyormisiz? Gorshokka o’rgatish vaqtini boshqa zarur ishlar bo’lmagan paytga (yangi farzand tug’ilish arafasi, ishxonadagi stress, katta farzanddagi muammolar va hokazo) mo’ljallaganingiz ma’qul. Undan tashqari, iliq yoki issiq havoda pampersdan chiqish osonroq kechadi. Sizga quyidagilar kerak bo’ladi:
- sabr-toqat;
- gorshok;
- o’rgatuvchi ishtonlar;
- hazil tuyg’usi;
- ijod qilish.
Bolangizga gorshok haqida ko’rsatib aytib bering. Boshqa bolalar gorshokka borishini ko’rsating. Qo’g’irchoq, gorshokka bog’liq o’yinchoqlarni jalb qiling. Gorshokka borishni o’rgatadigan bolalar kitobchalaridan foydalaning.
3. Bolaga qayerga borishni va bu nima deb atalishini tushuntirib o’rgating.
Bolangizga gorshokni yaxshilab tanlab olib bering. Gorshok bola uchun qulay, xohlasangiz qiziqarli, eng asosiysi, xavfsiz va oson yuviladigan bo’lishi kerak. Gorshokda qilayotgan ishiga nom bering.
4. Bolaga hissiyot bilan jarayonni ulay olishni o’rgating.
Bu bosqichda bola organizmidagi hissiyotlarni tushuna bilib, gorshokka borishni, gorshokka o’tirib ishini qilishini anglay olishi zarur. Boshida siz uning kuzatuvchisi va yo’l boshllovchisi bo’lasiz.
His qildi————— gorshokka bordi yoki his qildi—————– onasiga aytdi.
5. Bolani butunlay pamperssiz qoldirib, o’rgatuvchi ishtonlarda olib yuring.
Bu ishtonlar oddiy ishton bo’lib, faqat oson yechiladigan va tez quriydigan bo’lishi kerak.
6. Bolangizga yoshiga qarab ishtonini yechish, kiyish va ishini qilib bo’lgach qo’lini yuvishni o’rgating.
Bolangizni yutuqlari uchun ko’p maqtang, boshida ko’p sodir bo’ladigan «avariyalarga» ko’zingizni yuming.
7. Hamma ishni surib qo’yib, butunlay bolangiz bilan birga bo’ling.
Bunda siz bolangizni doim kuzatib borib, uning gorshokka borish xohishini vaqtida seza olasiz, vaqtida unga yo’l ko’rsata olasiz, bora-bora bola nima qilayotganini tushuna oladi.
Shuni unutmangki, gorshokka o’rgatayotganingizda kechalari dam bering. Kunduzi gorshokka borishni o’rgangan bola, 2-3-haftalarda kechasi ham pamperssiz uxlashga o’rganadi.
Agar bolangiz sizning barcha qilgan iltimoslaringizga qaramay gorshokka o’tirishdan bosh tortsa, demak, u hali tayyor emas. Uni qiynamang. Bu borada «vaqtlidan ko’ra kechroq» degan ibora o’rinli bo’ladi. Xavotir olmang, bolangiz bir ozdan so’ng, albatta, tayyor bo’ladi.
Tuvak tanlashda e’tiborli bo’ling. Beparvolik bilan sotib olmang. Bola uchun gorshok juda ahamiyatli narsalardan biri bo’lib qolishini unutmang. Gorshok sotib olayotganingizda quyidagilarga ahamiyat bering:
1. Bolaning fikri
Do’konga bolangiz bilan boring. U yerdagi gorshoklarga uni hazil qilib o’tqazib ko’ring. Bola uchun gorshokda o’tirish stulda o’tirgandek qulay bo’lishi kerak. Qaysi gorshokda bola o’zini bemalol his qilsa, o’sha gorshokda to’xtang.
2. Oson yuvilishi
Bir xil gorshoklar qopqoqli bo’ladi, bir xillari stul ichiga kiritilgan bo’ladi, bir xillari oddiy ochiq shaklda bo’ladi. Qanday bo’lishidan qat’iy nazar oson olinib, oson yuviladigan bo’lishi kerak.
3. Xavfsizlik
Gorshok yonlarida o’tkir yoki qisib oladigan ushlagichlar bo’lishi kerak emas.
4. Yerda mahkam turishi
Gorshok yoki stulga o’rnatilgan gorshok liqillamasdan, yonga og’masdan turishi zarur. Ayniqsa vannaxonalardagi kafel ustida, bola gorshokda g’imirlab o’tirganda gorshok yerda mahkam, siljimay, tomonlarga og’ib ketmay tura olishi kerak.
5. Dizayn
Agar yangi chiqqan gorshok modellarini bolangizga tavsiya etib ko’rsangiz uning xursandchiligini ko’rasiz. Musiqali, o’yinchoqlar o’rnatilgan, kop funksiyali, rang-barang gorshoklar bolani pampersdan chiqarishda yengillik yaratib beradi.
Gorshokka o’rgatish vaqti har xil bolalarda har xil yoshiga to’g’ri keladi. Kimdir 18 oyda gorshokdan chiqsa, kimdir 3-4 yoshga qadar gorshokka borishni bilmasligi mumkin. Ikkala holat ham normal hisoblanadi. Egizaklarni gorshokka o’rgatish alohida ahamiyat kasb etadi.
Egizaklarni gorshokka o’rgatish boshqa bolalarni o’rgatgan singari o’z vaqtida, ma’lum sharoitlarni inobatga olingan holda amalga oshiriladi. Bu haqda «Bolani 7 qadamda gorshokka o’rgatish» maqolasida batafsil yozilgan. Bundan tashqari, egizaklarning ota-onasi quyidagilarni ham bilib qo’yishi foydadan holi bo’lmaydi.
1. Egizaklarda gorshokka o’rgana olish davri har xil yoshiga to’g’ri kelishi mumkin. Agar egizaklardan biri gorshokka o’tirishni tushuna olayotgan bo’lsa, u holda ikkinchisini ham shoshirish noto’g’ri bo’ladi. Siz ikki yo’ldan birini tutishingiz mumkin:
– gorshokka borishni tushuna olayotgan bolaga alohida vaqtingizni ajratib unga gorshokka borishni o’rgating. Ikkinchi egizak sherigini ko’rib o’zi ham tezda o’rganib olish imkoniyati paydo bo’ladi;
– agar bir bola uchun alohida vaqt ajratishingiz qiyin bo’lsa, u holda ikkinchi egizakning gorshokka o’rgana olish qobiliyati paydo bo’lishini kutishingiz lozim.
2. Egizaklar uchun ikkita gorshok bo’lgani qulayroq. Bir-biri bilan talashib, shundan o’yin qilishi ularni gorshokka o’rgatishda qo’shimcha muammolarni keltirib chiqaradi.
3. Egizaklardan faqat biri gorshokka ishini qilib, ikkinchisi qilmagan bo’lsa, u holda birini maqtab ikkinchisi uchun ham yaxshi yupatuvchi so’zlarni ishlatish kerakligi haqida unutmang.
Agar gorshokka o’rgatish jarayoni egizaklardan birini, sizni yoki hammangizni jismonan va psixologik jihatdan qiynab yuborayotgan bo’lsa, o’rgatish jarayonini 1-2 oyga surganingiz ma’qul bo’ladi.
Manba: Uzbaby.uz
Farzand tarbiyasiga oid bo’lgan eng yaxshi tavsiyalar jamlangan dasturni yuklab oling.
Linkni bosing: 👉 Farzandim dasturi