IMMUNITET bu organizmning har xil infeksiyalarga qarshilik ko’rsata olish qobiliyatidir. Immunitet immun tizimining turli xil mikroblar bilan to’qnashuvi natijasida vujudga keladi. Bolalarda immun tizimining yaxshi faoliyat ko’rsatishi alohida ahamiyat kasb etadi.
Chunki bolaning turlicha kasalliklarga chalinib oson tuzalib olishi, kasallikning asoratsiz kechishi aynan immunitetning hosil bo’lishiga bog’liq. Shunday ekan immunitet pasayib ketmasligini ta’minlash lozim.
Immunitet pasayishi sabablari:
- noto’g’ri ovqatlanish;
- stress;
- vitamin yetishmovchiligi;
- ichki organlar kasalliklari;
- organizmning o’tkir kasallikka uchragani.
Bolanning immuniteti ikki xil bo’ladi: spetsifik va nospetsifik.
Spetsifik immunitet bolada individual bo’lib, bola yoshligida chalingan kasalliklarga va qilingan emlanishga bo’g’liq bo’ladi. Ya’ni bola kichikligida vetryanka yoki qizamiq bilan kasal bo’lgan bo’lsa, demak, unda bu kasalliklarga immunitet hosil bo’lgan va u boshqa bu kasallikka uchramaydi, yuqtirib olsa ham kasallik oson kechadi. Kasalliklarga qarshi qilingan emlanish natijasida ham organizmda o’sha kasallikka nisbatan immunitet hosil bo’ladi va shu kasallik bolaga kelajakda yuqmaydi, yuqsa ham yengil shaklda o’tib ketadi.
Nospetsifik immunitet deyarli barcha bolalarda bir xil bo’ladi. Nospetsifik immunitet bola organizmini oddiy bakterial infeksiyalardan saqlaydi.
Immuniteti past bolalar kuchli immunitetga ega bolalarga nisbatan ko’proq va og’irroq kasal bo’ladilar.
Bolaning immuniteti nimaga bog’liq?
1. Ovqatlanish sifati. Bolaning ovqatlanish ratsionida yetarlicha vitamin va minerallar mavjud bo’lishi kerak. Undan tashqari ovqat ko’pligi bilan emas, xilma-xilligi bilan sifatli ekanligini unutmaslik lozim.
2. Bolaning yashash sharoiti. Oiladagi muhit, maktab-bog’chadagi sharoit bolaning immun tizimiga katta ta’sir ko’rsatadi. Nafaqat sifatli ovqatlanish, balki ota-onaning mehriga to’yish ham sog’lom bo’lish garovidir.
3. Bola ichki organlarining holati – organizmda biron bir organ faoliyatining buzilganligi immun tiziminining to’g’ri faoliyat ko’rsatishiga to’sqinlik qiladi. Surunkali kasallik (gastrit, pielonefrit, karies va hokazo)lar immunitetni keskin pasaytiradi.
Bolada immunitet pasayganligi haqida qanday bilsa bo’ladi?
- Bola ko’p shamollaydi (yilda kamida 6 marta);
- Oddiy shamollash o’g’ir kechadi, ketidan angina, otit, bronxit kabi og’irlashish vujudga keladi.
- Bolaga davolash yaxshi ta’sir qilmaydi, kasallik odatdagidan ko’ra uzoq davom etadi.
Yuqoridagi ko’rsatkichlar organizm immun holatini to’liq ochib bermaydi, immun tizimi faoliyati aniq bilish, afsuski, juda qiyin va uzoq davom etadigan jarayon. Shuning uchun, bolada yuqoridagi ko’rsatkichlar takrorlanishini kuzatsangiz, uni shifokorga ko’rsatib maslahatlashish talab etiladi.
Bola immunitetini oshirish yo’llari:
1. Chiniqtirish
Bolani chaqaloqligidan boshlab chiniqtirish kerak. Biroq chiniqtirish deyilganda, har kuni ma’lum bir soatda ma’lum bir mashqni qildirish nazarda tutilmaydi. Chiniqtirish kundalik harakatlarda namoyon bo’lishi kerak. Ya’ni, ertalab turganda oddiygina jismoniy mashg’ulotning (o’yin tarzida) bajarilishi, yuvinish davomida suvning bir oz salqinroq bo’lishi (sovuq emas, balki iliqdan salqinroq), kunda ikki marta sovuqda ham, yomg’irda ham mos kiyimda bo’lib toza havoda aylanish, chopish, o’ynash kabilar chiniqish omillaridir,
2. Vitaminlar
Bola immun tizimining buzilishiga olib keluvchi yana bir sabab organizmda vitamin yetishmovchiligi (gipovitaminoz)dir. Vitaminlar yetarlicha qabul qilinishi uchun bolaning ovqatlanish sifati yuqori bo’lishi kerak. Meva va sabzavotlar, uglevod va oqsilga boy mahsulotlar bola organizmiga har kuni yetarlicha yetkazib berilishi lozim. Afsuski, qo’shimcha ichilgan dori shaklidagi vitaminlarning organizm tomonidan qabul qilinish darajasi juda past bo’ladi. Lekin talab etilsa, shifokor bilan maslahatlashgan holda vitaminlarni alohida qabul qilish tavsiya etiladi.
3. Immunostimulyatorlarni qabul qilish
Hozirgi kunda immunostimulyatorlar juda ko’payib ketgan, lekin ularni faqatgina organizmda haqiqatan immunodefitsit (immun tizimini faoliyati pasaygani) aniqlanganda qabul qilish mumkin. Buni esa faqat immunologning maxsus tekshiruvlari aniqlab beradi. Agar immunologning tavsiyasi bo’lmasa, bunday dori vositalarini ichish bolaning tabiiy immun tizimiga salbiy ta’sir ko’rsatishi mumkin.
Bolaga immunostimulyator ichirish uchun quyidagi holatlardan biri mavjud bo’lishi shart:
- bolada immunodefitsit immunolog tomonidan aniqlangan;
- bola immunitetini oshirishning tabiiy yo’llaridan foydalanilsa ham, foydasi bo’lmagan (chiniqtirish, vitamin va mineralga boy ovqatlantirish, bolaning yashash muhitini yaxshilash);
- Bola ichki organlarining surunkali kasalliklari aniqlanmagan.
Immunitetni tabiiy ravishda oshiruvchi mahsulotlar:
1. Sut
2. Qatiq
3. Olma
4. Sabzi
5. Asal
6. Lavlagi
7. Baliq
8. Piyoz va sarimsoq piyozi
9. Sedana yog’i (kuniga 1 choy qoshiq)
10. Limon
11. Namatak damlamasi
12. Turshak, olma qoqisi, olxo’ri qoqisi va ularning damlamalari
13. Har xil danaklar
14. Petrushka ko’kati
Farzandingiz nonushtasiga ushbu mahsulotlardan har kuni qo’shib bersangiz, uning immuniteti tabiiy ravishda ko’tariladi.
Bolani chiniqtirish deganda, kunda bir necha daqiqa davomida bolani sovuq suvda cho’miltirish, yoki qishda qorda yalang oyoq choptirish kabi muolajalarni emas, balki bolaga tabiiy hayot tarzini yaratib berishni tushunish kerak.
Tabiiy hayot tarzi tamoyillari:
1. Harakat
Bola qancha ko’p toza havoda harakat qilsa, shunchalik foydali. Masalan, maktabga avtobusda emas, balki piyoda borgani, kino ko’rgandan ko’ra, ko’chada futbol o’ynagani, yakshanba kuni uy yumushlari bilan shug’ullangandan ko’ra, tabiat qo’yniga chiqqani ma’quldir. Eng asosiysi harakat to’rt devol orasida emas, balki ochiq havoda bo’lishi foydali.
2. Kiyim
Kiyim terlatmaydigan bo’lishi shart. Shamollashga sovuqqotishdan ko’ra terlash ko’proq sababchi bo’ladi.
3. Ovqatlanish
Ishtaha bo’lgandagina ovqatlanish lozim.
Agar siz bolangiz tabiiy ravishda chiniqqan bo’lishini istasangiz quyidagilarga amal qiling:
1. Bolani har qanday havoda ko’chaga olib chiqing.
2. Bolani harakatchan o’yinlarga jalb qiling.
3. Uydagi kimyoviy tozalash anjomlar bilan bola aloqasini cheklang (Uy jihozlarini tozalashda, kiyimlarni yuvishda kimyoviy preparatlardan iloji boricha kamroq foydalaning).
4. Bolani terlash darajasida kiyintirmang.
5. Ovqatni kuch bilan yedirmang.
6. Agar bola ko’p kasal bo’layotgan bo’lsa, o’qish jarayonini bo’shashtiring (musiqa, chet tili, qo’shimcha darslarni kamaytiring).
7. Bola xonasini changdan holi qiling.
8. Toza havoga ko’p olib chiqing.
9. Dengiz, o’rmon va toqqa bolani ko’proq olib boring.
10. Bola xonasini tez-tez shamollatib turing.
Chiniqish uchun quyidagi mashq tavsiya etiladi:
Ertalab toza havoda ko’chada 30 daqiqa davomida yugurish (qo’llarni yonga ko’tarish, o’tirib-turish, osilish kabi yengil mashqlarni qo’shimcha bajarish mumkin). Bu mashq faqat vaqtni talab etadi, kuch ishlatish kerak emas. Lekin agar har kuni bolangiz bilan yarim soatdan toza havoda yugurib yoki mashq qilib kelsangiz sog’liq uchun foydasi katta ekanligini 1 oy ichida sezasiz.
Chiniqish davomida quyidagilarga ahamiyat bering:
– Muntazamlik – chiniqishni boshlagan bo’lsangiz, uni har kuni qoldirmasdan bajaring;
– Asta-sekinlik – mashg’ulotlar davomiyligi va og’irligini asta-sekinlik bilan oshiring;
– Shaxsiy xususiyatlarni inobatga olish – yosh, vazn, bolaning psixologik yondashuvi, bolaning mavjud bo’lgan kasalliklari va boshqalar.
Bola chiniqish mashg’ulotlaridan lazzatlanishi kerak, shuning uchun bola o’zi xohlagan va tanlagan mashqlarni bajargani ma’qul.
Har qanday chiniqtirish ham bolani kasallikdan butunlay asray olmaydi, lekin kasallik og’irligini va davomiyligini bir necha barobar pasaytirishi mumkin.
Bola ko’p kasal bo’lmasligi uchun quyidagi tabiiy, oson va sinalgan qo’llanmalar yordam beradi.
Avallo shuni ta’kidlab o’tishimiz joizki, ba’zi kasalliklarni bola kichikligida boshidan o’tkazib olgani ma’qul. Misol uchun suvchechak yoki qizilcha kabi bolalikda 1-2 haftada o’tib ketadigan viruslik kasalliklar, katta odamlarda ba’zan jiddiy asoratlar bilan kechadi. Bolalarda esa bu viruslar kichikligida o’tib immunitet hosil qilib beradi. Huddi shunday yengil shamollash ham bolalikda namoyon bo’lib turishi zararli emas, u bolada immunitetini tabiiy ravishda oshishiga yordam beradi. LEKIN!
Muhim tomoni shundaki kasallanish yil davomida 2-3 martadan oshmasligi, davomiyligi 1-2 hafta oralig’ida bo’lishi va eng muhimi asoratsiz chuqurlashmay o’tib ketishidir. Agar bola yilda bir necha bor yengilgina shamollab, shamollashi yomonlashmay, ozginagina muolajalar bilan o’tadigan bo’lsa, buning yomon tomoni yo’q.
Muammo shundaki, ko’pchilikda bolalar qishin bo’yi shamolashdan chiqmaydi. Oylab yo’talib, haftalab burni oqib, oddiy shamollash o’pka yallig’lanishi, gaymorit, sinusit, otit, laringit kabi jiddiy kasalliklarga o’tib, kasalxonada davolanishni talab etilish darajasigacha borishi mumkin.
Mana shunday keskinlashgan shamollash bolaning immun tizimini ishdan chiqaradi, endi tuzaldim deganda bolaning immuniteti bo’shligi tufayli u qayta shamollaydi. Dori, ukollardan boshi chiqmay qoladi.
Mana shu darajaga keltirmaslik uchun, bola tabiiy ravishda oddiygina iliq sut bilan davolanay olishi maqsadida uni chiniqtirish muhimdir.
1. Qish kunlari bolani kamida 30 daqiqa davomida quyosh kunlari ko’chada o’ynatish. Harorat sovuq bo’lsa ham, issiq kiyintirib faol o’yinlar bilan uni ko’chada harakatlantirish. Bu faoliyatni qishki sport turlari bilan almashtirsa ham bo’ladi. Ya’ni changi’ uchish, konki, lija kabi sportga berish. Qishgi sportga berishga imkon bo’lmaganda, shunchaki sovuq kunda ko’chada chopib o’ynashning foydasi juda katta bo’ladi.
Qishki sport bolaning immunitetini oshirishda, shamollamasligini ta’minlashda eng samarali vositadir!
2. Qish kunlari hammada isitkich asboblari yoqilgan bo’ladi. Bu esa havoni quritadi. Quruq havo bolaning yo’talishiga sababchi bo’ladi. Shuning uchun qish kunlari stolda doim iliq namatak damlamasi, yoki smorodina, malina qo’shilgan choy turishi lozim. Bola kun mobaynida iliq suyuqlik ichib yurishga odatlansin.
3. Bolaning oyog’i bo’kib, yoki qo’llari sovuqqotib, uzoq vaqt soyib qolgan payti, unga darhol jiyda, asal, smorodina, limon qo’shilgan damlamani yoki asal qo’shilgan iliq sutni har 30 daqiqada oz-ozdan ichirib turish kerak. Shamollashi avjiga olmaydi.
Oddiy moychechak damlamasini Germaniyada 100 ta dardga davo deb iste’mol qiladilar. Moychechak damlamasi bolaning shamolashini oldini oladi, undan tashqari shamollagan bolani oson va tez davolanishiga yordam ko’rsatadi.
4. Qish kunlari vitamin kam bo’lishini inobatga olib, har kungi ovqatga mayda qilib barra piyoz va sarimsoqdan bilintirmay solib bolaga yedirish zarur. Bolaga sarimsoqni yeyish qiyin bo’lsa, u holda piyozning o’zi ham foydadan holi bo’lmaydi.
5. Bola terlaganidan ko’ra biroz soyigani yaxshiroq. Doim terlab yuradigan bola oson shamollaydi. Kiyimiga e’tiborli bo’ling.
6. Kun mobaynida bola pista, chips, popkorn yeb yurishidan ko’ra yong’oq, magiz, turshak, mevalar yeb yurishiga sharoit yaratib bering.
7. Ko’plab viruslar havo-tomchi orqali odamdan odamga yuqadi. Buni oldini olishning eng oson yo’li, qo’l yuvib yurish. Bola ko’chadan kelgan zahoti, ko’chada ovqat yeyishdan oldin doim qo’lini sovunlab yuvishga odatlansin.
8. Kun mobaynida televizor yoki kompyuterni oldida o’tirmay, bolani ko’chada faol o’yin bilan band bo’lishga undang. Quyosh va toza havo bolaning immunitetiga kerakli vitamin Dni yetkazib beradi.
9. Bolada Vitamin D yetishmovchiligi alomatlari (kuchsizlik, ko’p shamollash, rahit belgilari, jussasi kichikligi va boshqalar)bo’lsa, unga qish kunlari qo’shimcha ravishda Vitamin D(dozasini shifokordan so’ragan holda) bersangiz bo’ladi.
10. Dars, uydagi muammolar yoki ichki kechinmalari tufayli bola ko’p asabiylashayotgan bo’lsa, uni ortiqcha stressdan holi qiling. Bolada stress immuniteti tushishida, asabiy bo’lishida, ko’p kasal bo’lishida namoyon bo’ladi.
Muminova D.R.
Manba
Farzand tarbiyasiga oid bo’lgan eng yaxshi tavsiyalar jamlangan dasturni yuklab oling.
Linkni bosing: 👉 Farzandim dasturi