Onaning ayrim hollarda bolani band qilib qo’yishga ehtiyoji bo’ladi. Masalan, muhim telefon suhbati, uy ishlarini bajarish yoki, shunchaki, bir oz dam olish uchun onaga vaqt kerak boʻladi. Albatta, bolani 2 soatga band qilib qo’yishning iloji yo’q, lekin 20-30 daqiqaga uni biror narsa bilan chalg’itib turish mumkin.
- Farzandingizga xonasidan ko’k mashina, sariq kubik, yashil koptokni olib kelishini buyuring. Bunday rangi turlicha bo’lgan o’yinchoqlarni qidirib topish uchun bola xonasida bir necha daqiqa qolib ketadi, sizda esa shu vaqt mobaynida ishlaringizni bajarib olishga imkoniyat paydo bo’ladi. Undan tashqari bola siz aytgan o’yinchoqlarni qidirish jarayonida boshqa qiziqarli narsalar bilan chalgʻib, yana-da uzoqroq xonasida qolib ketishi mumkin.
- Bolaga beriladigan topshiriq o’yin shaklida bo’lishi lozim. Masalan, qo’g’irchoqni uxlatib qo’yish, o’yinchoq hayvonlarni ovqatlantirish, stoldagi qoshiqlarni yig’ib oshxonaga olib borish va hokazo.
- Sehrli qop. Har bir onaning farzandiga atalgan sehrli qopi bo’lmog’i lozim. Qopning ichida kerakmas xavfsiz buyumlar, eski o’yinchoqlar, plastik idishlar bo’lishi mumkin. Bunday qop farzandingizni yarim soatga band qilib qo’yishi aniq. Faqat qop doim uning ko’z oldida bo’lmasdan, vaqti-vaqti bilan paydo bo’lishi lozim.
- Bo’sh bo’lganingizda ishlatilmaydigan korobka, plastik butilka, upakovkalardan turlicha rasmlarni kesib olib qo’ying. Farzandingizni band qilaman, desangiz, o’sha rasmlarni unga berib qo’ying, sizga halal bermay ularni mazza qilib o’ynaydi.
Bolani band qilish usuli sifatida multfilm qo’yib berish yaxshi vosita emas. Bola bunga o’rganib qolsa, keyin uni televizor oldidan ketkazish yo’llarini topa olmay qolishingiz mumkin.
- Eski kerakmas rasmli qalin jurnallarni bolangizga berib qo’ying. Jurnal bilan xohlagan narsa qilishi mumkinligini aytishni unutmang. Qarabsizki, bola jurnal varaqlarini yirtish, unga chizish, bir nimalar yasash bilan kamida yarim soat ovora bo’ladi.
- Farzandingizni yordamga chaqiring. Chang artib chiqish, xonasidagi o’yinchoqlarni bir qatorga terib qo’yish kabi talablaringiz bolani yordamchi bo’lishga qiziqtiradi, sizda esa 15-20 daqiqa bo’sh vaqt yuzaga keladi.
- «Oynadan qara, yomg’ir yog’yaptimi?», «Xonangdagi chiroqni o’chirib qo’y» yoki «Choy qaynadimi, qarab kel» kabi buyruqlaringiz 1-2 daqiqa yolg’iz qolishingizni ta’minlab beradi.
- Farzandingizni siz qilayotgan ishni birga qilishga jalb qiling. Agar o’qiyotgan bo’lsangiz, u ham o’z kitoblarini ko’rib o’tirsin, telefonda suhbatlashayotgan bo’lsangiz, u ham o’yinchoq telefonida suhbatlashsin va hokazo.
- O’yinchoqlardan birini berkitib qo’yib, ozgina vaqt o’tgandan keyin bering. Bola uchun bunday o’yinchoq yangidek qiziq tuyiladi.
- Eski korobka yoki plastik idishlarni tashlab yubormang. Farzandingiz zerikkanda berib qo’ysangiz, ulardan uy qurishi va buzishi, ustma-ust taxlashi va boshqa narsalar qilishi mumkin.
Farzand tarbiyasiga oid bo’lgan eng yaxshi tavsiyalar jamlangan dasturni yuklab oling.
Linkni bosing: 👉 Farzandim dasturi