Bismillahir rohmanir rohiym
– Qani, bolajonlar, kelinglar-chi darsxonamizga!
– Kecha qaysi paygʻambarlarning qissalarini oʻrgangan edik? Kim javob beradi?
– Nuh va Hud alayhissalomlarni…
– Barakalla, qizim, siz ham aytib berasizmi?
– Nuh ayachchayom va Hud ayachchayoyoyom.
– Barakalla, rahmat sizlarga. Meni xursand qildingizlar! Men ham sizlarni xursand qilaman: dam olish kunida istirohat bogʻiga olib boraman. U yerda kichik bir hayvonot bogʻi ham bor. Hammasini tomosha qilib, yayrab oʻynaysizlar. Kelishdikmi? Sizlar buning shukronasiga nima qilishinglar kerak boʻlar edi, bolajonlar?
– Ha, urre, kelishdik, uyya, keyichchik. Darslarimizni bundan ham yaxshi tayyorlaymiz, Qurʼonimizni ham adashmaydigan boʻlib yodlaymiz!..
– Barakalla, mening aqlli oʻgʻil-qizlarim.
Bugun Solih alayhissalomning qissasini oʻrganamiz, inshaalloh.
1
Samud qabilasi Hijoz bilan Shom diyorlarining oʻrtasidagi Hijr degan mintaqada hayot kechirardi. Ularning buyuk meʼmoriy madaniyatlari bor edi. Ular togʻlarga katta-katta uylar, yerga koʻplab qasrlar qurgandilar. Ularning yerlari unumdor boʻlib, bogʻlari juda koʻp edi. Alloh talo ularni sogʻlom va baquvvat, serdavlat, serfarzand qilgandi.
2
Lekin Samud qavmi nodon, Allohni tanimaydigan kishilar edi. Ular but-sanamlarga, haykallarga ibodat qilishardi. Qoʻllari bilan yasab olgan butlarini iloh deb, maʼbud deb ularga sigʻinishardi. Turli buzuq, yomon ishlarni qilishni odat qilgan edilar. Alloh bergan neʼmatlariga shukur qilish oʻrniga, ularga oʻzimiz oʻz harakatlarimiz bilan erishyapmiz, deya manmanlik qilib, uni inkor etib noshukurlik, nonkoʻrlik qilar edilar. Shuning uchun Alloh taolo ularga yoʻlboshchi boʻlsin, ularni toʻgʻri yoʻlga chaqirsin deb Oʻzining paygʻambari Solih alayhissalomni paygʻambar qilib yubordi. Solih alayhissalom ularni Allohga ibodat qilishga daʼvat qilib, butlarga ibodat qilmaslikka chaqirdilar. U zotga ham juda oz kambagʻal va nochor insonlargina iymon keltirdilar xolos. Boy, qabila boshliqlari esa iymon keltirmadilar. Kofirligicha qoldilar.
3
Bu kofirlar jim ham yurmasdan, iymon keltirgan odamlarni dinlarida shak-shubhaga solib qoʻyishga, ularni toʻgʻri yoʻldan, Haq yoʻlidan ogʻdirishga harakat qilardilar. Ular Solih alayhissalomning ummatlariga – moʻminlarga qarata: “Solihni Rabbidan Payg’ambar qilib yuborilgan, deb bilmoqdamisiz?”– dedilar. (Arof surasi, 75-oyat).
Ularning bu boʻhtonlariga qaramay Solih alayhissalomga iymon keltirgan, Allohning dinini tan olgan moʻminlar dinlarida mustahkam turib: “Albatta, biz u ila yuborilgan narsaga iymon keltiruvchilarmiz”– dedilar (Arof surasi, 75-oyat).
Kofirlar esa yana oʻzlarining nodonliklarida davom etib: “Albatta, biz siz iymon keltirganga kofirmiz” dedilar (A’rof surasi, 76-oyat).
4
Kunlardan bir kuni Samud qavmining nodon, kofir odamlari ularning paygʻambarlari boʻlmish Solih alayhissalomdan uning haqiqiy paygʻambar ekanini isboti sifatida moʻjiza koʻrsatishini talab qildilar. Solih alayhissalom moʻjiza koʻrsatsalargina, unga iymon keltirishlarini, uni haqiqiy paygʻambar ekanini tan olishlarini, yoʻqsa tan olmaslarini aytib Solih alayhissalomga: “Ey Solih, sen bizga moʻjiza keltir! Seni haqiyqiy paygʻambar ekanligingni isbotlaydigan dalil keltir!” dedilar.
Togʻdagi katta bir toshga ishora qildilarda: “Ey Solih, bizga mana shu toshning ichidan katta bir tuya chiqarib ber! Shunday qila olsang biz senga ishonamiz, paygʻambar ekaningni tan olamiz”, deb turib oldilar.
5
Bu nodon Samud qavmi Solih alayhissalomdan oddiy tuya talab qilmadilar, balki chiqargan tuyang katta boʻlsin, rangi undoq boʻlsin, bundoq boʻlsin deb tuyalarda topilmaydigan sifatlarni talab qildilar. Bunday ahmoqona talab qo’yishlaridan ularning maqsadlari Solih alayhissalomni qiyin ahvolga solib, ana, koʻrdilaringmi, u shu bir oddiy moʻjizani ham koʻrsata olmadi, qanday qilib u paygʻambar boʻlishi mumkin, deb Solih alayhissalomni haqiqiy paygʻambar ekanlarini inkor etish edi.
Solih alayhissalom ulardan: “Menga aytingchi, agar sizlar soʻragan narsalarni muhayyo qilsam, sizlarga shu toshning ichidan moʻjiza oʻlaroq tuya chiqarib bersam, sizlar Allohga iymon keltirasizmi? But, sanamlarga ibodat qilishni bas qilasizmi?” deb soʻradilar. Ular: “Ha, ey Solih, biz shunga ahd qildik”, deb Solih alayhissalomga soʻz berdilar.
6
Shunda Solih alayhissalom Robbisi – Alloh taloga duo qilib, qavmiga ular talab qilgan tuyani ular talab qilgan belgilari bilan chiqarib berishini soʻradilar.
Solih alayhissalom duo qilganlaridan keyin soʻralgan moʻjiza sodir boʻldi, yaʼni ular ishora qilib koʻrsatgan toshning ichidan xuddi oʻzlari talab qilgan belgilarga ega katta bir tuya chiqdi. Bu esa Solih alahissalomni haqiqiy paygʻambar ekanliklariga, uning dini haq din – Islom dini ekanligiga dalil, isbot edi.
Toshdan tuya chiqqanini koʻrgan odamlar dahshatga tushib, koʻzlariga ishonmay, shoshib qoldilar. Baʼzilari bergan vaʼdalarida turib iymon keltirdilar. Lekin ularning koʻplari Solih alayhissalomga bergan vaʼdalarini unutib, unga xilof qilib, iymon keltirmay kofirligicha qoldi.
7
Soʻng Alloh taolo Solih alayhissalomga: “Ey Solih, sen qavmingga xabar berib qo’ygin – bu tuyaga yomonlik qilmasinlar! U tuya Allohning tuyasi degin! Oddiy tuya emas, unga yomonlik qilmanglar, deb aytgin!” deb buyurdi. Shunda Solih alayhissalom qavmiga aytdiki: “Ey qavmim! Allohga ibodat qilinglar. Sizlarga Undan oʻzga iloh yoʻq. Sizga Rabbingizdan hujjat keldi. Allohning mana bu tuyasi sizlarga belgidir. Uni Allohning yerida tek qo’yinglar. Unga yomonlik yetkazmanglar. Yana sizni alamli azob tutmasin-a!” (Aʼrof surasi, 73-oyat).
8
Samud qavmining bir suv qudugʻi bor edi. Shu quduqdagi suvni bir kun Samud qavmi, keyingi kun esa oʻsha toshning ichidan chiqqan Allohning tuyasi ichardi. Yaʼni shunday navbat bilan ichishga kelishuv boʻlgan edi. Lekin ular tuyaning gali kelganda suvsiz, chanqoq qolishmas edi. Ular tuya suv ichgani kelganda uni sogʻib olishardi. Tuyaning suti shunchalik koʻp ediki, ularning hammasiga yetardi. Shu tariqa kelishuv asosida hayot davom etardi. Ammo shayton Samud qavmini yoʻldan urdi. Shayton ulardan eng johillarini tuyani oʻldirishga vasvasa qila boshladi. Mana shu johil, nodon kimsalar toʻqqiz kishi edi. Ularning hammalari Allohning paygʻambari Solih alayhissalomni yomon koʻrishar, qalblarini Solih alayhissalomga boʻlgan adovat, nafrat qurt kabi kemirar edi.
9
Shaytonning vasvasasiga uchib, qavmining qolgan kofirlari bilan kelishib, ularga moʻjiza qilib toshning ichidan chiqarilgan Allohning tuyasini oʻldirishga til biriktirdilar. Ularning ichida eng johili —Qador ibn Solif ularga boshliq edi. Kunlarning birida kofirlar keng maydonda toʻplanib, tuyaning oʻtishini kuta boshladilar. Tuya ularning oldiga yetib kelganida kofirlardan biri unga qarata oʻq uzdi. Oʻq tuyaning oyogʻiga tegib, uni yiqitdi.
10
Shunda ularning boshligʻi, shaytonning malayi boʻlmish Qador ibn Solif yugurib borib qilichi bilan chopib tuyani oʻldirdi. Shundan soʻng Allohning gʻazabi kelib Solih alayhissalomga vahiy qildi: “Ey Solih, qavmingni tuyaga tegmasliklarini, agar tegishsa, mening gʻazabim kelib, ularga alamli azobimni yuborishimni aytib ularni ogohlantirgan edim. Ular tuyani oʻldirishdi. Qavmingga uch kundan keyin azob keladi”, deb u kishini ogohlantirdi. Bu xabarni Solih alayhissalom qavmiga yetkazdilar. Ular qalblaridagi hasad, adovat, nafrat sababli Solih alayhissalomni paygʻambar deb tan olgilari kelmasa-da, lekin u zotning toʻgʻri soʻz ekanliklarini, u kishi xabarini bergan har qanday hodisa sodir boʻlishini juda yaxshi bilishardi. Solih alayhissalom: “Uch kundan keyin sizlarga azob kelar ekan!” deb xabar berganlarida ular u zotga ishondilar. Mana shu uch kunning oʻtishini kutib yashadilar. Uch kun oʻtgach, toʻrtinchi kunning tongida, kofirlar hammalari azobni kutib tashqariga chiqib toʻplandilar. Ular vahimaga tushgan, yuzlari qoʻrquvdan qorayib ketgandi.
11
Koʻp vaqt oʻtmay ularga osmondan qattiq, dahshatli qichqiriq ovoz eshitilib, juda kuchli zilzila boʻldi. Natijada, hammalarining jonlari uzildi va jasadlari jonsiz holda qotib qoldi, turgan joylarida halok boʻldilar. Lekin shunchalik dahshatli zilzila boʻlishiga qaramasdan Alloh talo Solih alayhissalom va u kishiga iymon keltirgan moʻminlarni oʻz panohida saqlab qoldi.
Ha, Alloh talo har narsaga qodir Zotdir. Yerni qimirlatadigan ham, osmondan azob tushiradigan ham Allohning Oʻzidir. U xohlasa bir azobni ayrimlarga zararli, qolganlarga esa zararsiz qilib tushirishga ham qodir Zot ekanini biz Solih alayhissalom va uning qavmi misolida koʻrib chiqdik. Kofirlarni yer bilan yakson qildi, moʻminlarni esa sogʻ-omon saqlab qoldi.
12
Takrorlash uchun savollar:
- Solih alayhissalomga kimlar iymon keltirdi?
- Kofirlar toshning ichidan qanday hayvon chiqarib berishni talab qilishdi?
- Kofirlar tuyani oʻldirishganidan keyin qanday voqea sodir boʻldi?
- Kuchli zilzila boʻlganda Solih alayhissalom va moʻminlarga nima boʻldi?
- Yerni qimirlatadigan, osmondan azob tushiradigan Zot kim ekan? Manba
Farzand tarbiyasiga oid bo’lgan eng yaxshi tavsiyalar jamlangan dasturni yuklab oling.
Linkni bosing: 👉 Farzandim dasturi