Ovulyatsiya va homiladorlik – fiziologik jarayon boʻlib, ayollar organizmida bir-biri bilan toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻliq holda kechadi. Homiladorlik – ovulyatsiyasiz amalga oshmaydi. Ovulyatsiya jarayoni hayz siklining eng qisqa davri boʻlib, 48 soat davom etadi.
Ovulyatsiya davrida ayol kishining homilador boʻlish darajasi yuqori boʻladi va bu faktni farzand koʻrishni rejalashtirayotgan oilalar yoddan chiqarmasliklari zarur.
Ovulyatsiya vaqtida qanday homilador boʻlsa boʻladi?
Ovulyatsiya fazasi – yetilgan follikulaning yorilish vaqti boʻlib, bunda urugʻlanishga tayyor boʻlgan tuxum hujayra tuxumdonlardan chiqadi. Bu vaqtgacha follikula follikul stimullovchi gormonlar taʼsiri ostida yetiladi. Follikula yetarlicha kattalikka ega boʻlganda va uning funksional aktivligi maksimal darajaga yetganda yana bir muhim gormon lyuteinlovchi gormon (LG) konsentratsiyasi ham ortadi, bu gormon esa tuxum hujayrani yetilishida muhim rol oʻynaydi.
Soʻngra yetilgan follikula yoriladi va tuxum hujayra tashqariga chiqadi – aynan mana shu faza ovulyatsiyadir. LG miqdori ortishi va ovulyatsiya fazasi 36-48 soat davom etadi. Shundan soʻng sariq tana davri boshlanadi, tuxum hujayra bachadon naylari orqali bachadon tomon harakatlana boshlaydi. Odatda mana shu davrda tuxum hujayraning urugʻlanish jarayoni sodir boʻladi.
Urugʻlangan tuxum hujayra (zigota) 6-12 kun ichida bachadon boʻshligʻiga tushadi va bachadonga birikadi, shu yoʻl bilan homiladorlik boshlanadi. Agar tuxum hujayra urugʻlanmasa bachadon nayida parchalanib ketadi.
Ovulyatsiya boʻlsa, lekin homiladorlik boʻlmasa…
Ovulyatsiya boʻldi-yu ammo homiladorlik boʻlmasa – bu oddiy holat. Agar homiladorlikni rejalashtirgan holda 1 yil davomida ayol kishi homilador boʻla olmayotgan boʻlsa, shifokor tekshiruvidan oʻtishi kerak boʻladi va umuman ovulyatsiya jarayoni kechayaptimi yoki yoʻqmi shuni aniqlash lozim.
Ovulyatsiya fazasi – organizmning reproduktiv salomatligi normada ishlayotganidan dalolatdir. Bu fazaning kechmasligi organizmda qandaydir muammo borligidan darak beradi. Farzand koʻrish qobiliyati yuqori boʻlgan ayollar va jinsiy aktiv boʻlgan oilalarda ovulyatsiyaning kunini aniq hisoblash, qaysi kunlarga toʻgʻri kelishini bilib olishlari muhim emas, chunki bunday oilalarda ayol kishi homilador boʻlish ehtimoli yuqori. Ammo, baʼzi oilalarda erkak kishining spermogrammasi normada boʻlmaydi: spermatozoidlar miqdori kam yoki ularning aktivligi past. Bunday holatlarda shifokorlar aynan ovulyatsiga yaqin kunlar ichida qoʻshilishni tavsiya qilishadi. Ungacha boʻlgan kunda esa jinsiy aloqa ilmay turish tavsiya etiladi. Sababi, erkak kishi spermatozoidlari biroz koʻpayadi va tuxum hujayra bilan qoʻshilish ehtimoli koʻpayadi.
Ovulyatsiya vaqtida homilador boʻlish ehtimoli qanday?
Ovulyatsiya vaqtida homilador boʻlish ehtimoli eng yuqori darajada boʻladi, va u 33 %ni tashkil etadi. Boshqacha qilib aytganda ovulyatsiya fazasida homilador boʻlish 3 ga 1 darajada, biroq ovulyatsiya kunidan boshqa davrlarda ham homilador boʻlish ehtimoli bor.
Ovulyatsiyadan oldin ham homilador boʻlish mumkinmi?
Ha, mumkin: ovulyatsiyadan 1 kun oldin homilador boʻlish ehtimoli – 31 %ni, ikki kun oldin – 27 %, uch kun avval esa – 16 % ni tashkil etadi. Gap shundaki, baʼzi spermatozoidlar ayol organizmida bir necha kun yashab turadi, shu sababli ulardan biri tuxum hujayrani urugʻlantirishi ham mumkin.
Ovulyatsiyadan 4 kun avval ham homilador boʻlish mumkin, lekin 6-7 kun oldin esa tuxum hujayra urugʻlanish ehtimoli minimaldir.
Ovulyatsiyadan keyin ham homilador boʻlish mumkinmi?
Yoʻq, mumkin emas, ovulyatsiya fazasi tugagandan keyin, shifokorlar soʻzi bilan aytganda “bepushtlik” davri keladi.
Ovulyatsiyadan keyin homilador boʻlish darajasi 0 ga teng. Bu jarayonni bilish uchun ayol kishi organizmida qanday jarayonlar ketayotganini yuqoridagi maʼlumotlardan bilib olish kifoya.
Hayz sikli 2 fazaga boʻlinadi: follikula fazasi – oʻrtacha 10-16 kun davom etadi va sariq tana fazasi – 2 hafta davom etadi. Bu ikki fazani ovulyatsiya davri ikkiga boʻlib turadi.
Aynan sariq tana fazasi homilador boʻlish darajasi 0 ga teng boʻlgan faza hisoblanadi. Bu faza ovulyatsiyadan keyin boshlanib, hayz siklining boshlangunga qadar davom etadi. Homiladorlik kuzatilmasligining sababi, yetilgan tuxum hujayra bor yoʻgʻi 24 soat yashaydi, soʻngra u parchalanib ketadi. Shu sababli ovulyatsiyadan keyin homiladorlik qisqa muddatlar ichida amalga oshishi mumkin.
Shunday boʻlsa ham ayol organizmi juda murakkab tuzilgan tizimdir, oʻta aniq arifmetik hisoblab chiqilganda ham reproduktiv tizimda istisnolar ham boʻlib turadi. Shu sababli turli xil joylarda, shifokor huzurida, ayollar forumlarida eng koʻp beriladigan savollardan biri – ovulyatsiyadan keyin homilador boʻlish mumkinmi?
Kam hollarda hayz siklining “bepushtlik” fazasida ham homiladorlik kuzatiladi. Shifokorlar buni gormonal nisbatning oʻzgarishi bilan tushuntirishadi, bunga koʻpincha ayolning emotsional holati sabab boʻladi.
Masalan, stress tufayli hayz sikli fazalari muddati oʻzgarib ketishi mumkin. Bir vaqtning oʻzida ikkala tuxumdonlardan bir vaqtning oʻzida ikkita tuxum hujayra ajralib chiqadi, shu sababli hatto hayz koʻrish vaqtida ham homiladorlik kuzatilishi mumkin.
Ovulyatsiyasiz ham homilador boʻlish mumkinmi?
Ovulyatsiya fazasining kuzatilmasligi ayol organizmida tuxum hujayraning toʻliq yetilmasligidan dalolat beradi. Bunday holatda homilador boʻlish ehtimoli yoʻq. Chunki homilador boʻlish uchun eng muhim boʻlgan sharoit yoʻq, yaʼni yetilgan tuxum hujayra shakllanmagan.
Agar ovulyatsiya kuzatilmasa, qanday qilib homilador boʻlish mumkin?
Avvalo, ovulyatsiyaning roʻy bermaganligiga sababi boʻlgan omilni aniqlash lozim. Odatda bunga sabab gormonal disbalansdir. Bu esa gormonal preparatlar yordamida bartaraf etiladi.
Agar ovulyatsiyaning kuzatilmaslik sababi aniqlanmasa, radikal usuldan foydalaniladi: ovulyatsiya kunini taxmin qilib ayol organizmiga follikulani yetiltiruvchi gormon inyeksiya qilinadi va tuxum hujayra yetiltiriladi.
Erta va kechki ovulyatsiya deganda nima tushuniladi?
Yuqorida keltirib oʻtilganidek hayz sikli ikki davrga boʻlinadi: ovulyatsiyagacha va ovulyatsiyadan keyingi davr. birinchi davr muddati oʻzgaruvchan boʻlsa, ikkinchi davr stabil, yaʼni 12-16 kun davom etadi. 28 kunlik hayz sikliga ega ayollarda ovulyatsiya jarayoni 14 kunda kuzatiladi. Biroq, ovulyatsiya kuzatilishi muddati baʼzida oʻzgarib turadi. Normal holatda ayol uchun ovulyatsiya hayz siklining 14 kunida kuzatiladigan boʻlsa, ayrim sabablar tufayli 11 kunida roʻy beradi. Bu erta ovulyatsiyadir. Umuman olganda erta va kech kuzatiladigan ovulyatsiya normal hisoblanadi, bunda ayol kishi oʻz hisoblariga koʻra emas balki ertaroq yoki kechroq homilador boʻladi.
Homilador boʻlish uchun eng qulay kunni qanday hisoblash mumkin?
Ovulyatsiya jarayoni roʻy berganligini aniqlab beruvchi bir nechta usullar bor. Aynan, mana shu kunlarda homilador boʻlish ehtimoli juda yuqori.
Birinchi usul: ovulyatsiya boshlanishi qorinning pastki sohasida biroz ogʻriq bilan kechadi, bu vaqtda ayol kishi jinsiy mayli ortadi. Bu kabi belgilarni ayol kishi mustaqil ravishda shifokor koʻrigisiz ham aniqlay oladi. Ginekolog esa bachadon boʻynidan ajralayotgan shilliq miqdori va uning suyuqligiga qarab ovulyatsiyaning boʻlgan yoki boʻlmaganligini aniqlab beradi.
Ikkinchi usul: bazal haroratni oʻlchaganda ovulyatsiya kuniga yaqin harorat pasayadi, ovulyatsiya roʻy bergandan 1 kun oʻtib bazal harorat birdan koʻtariladi. Doimiy haroratni oʻlchab grafik tuzib olinsa, keyingi sikllarda qaysi kunda qoʻshilish kerak ekanligi va homilador boʻlish ehtimoli yuqori boʻlishini bilib olish mumkin.
Uchinchi usul: siydik tarkibidagi lyutinlovchi gormon (LG) miqdorini aniqlashdir. Organizmda LG miqdori oshishini aniqlab beruvchi maxsus testlar bor. Uning miqdori ovulyatsiyadan 24-36 soat oldin maksimal darajaga yetadi. Aniq natijani olish uchun koʻrsatma boʻyicha ishlash kerak. Testni bir kunda ikki mahal, ovulyatsiyaga taxminan 6-7 kun qolganda oʻlchashni boshlash lozim.
Toʻrtinchi usul: ancha ishonchli boʻlib, bunda follikula UTT (UZI) yordamida tekshiriladi. Hayz koʻrgandan keyin 7 kun oʻtib UTT tekshiruvi, vaginal datchik yordamida oʻtkaziladi. Soʻngra har 2-3 kunda tekshiruv takrorlanib turadi, bachadon endometriy holati ham koʻriladi. UTT ekranida follikulaning yetilganligi va yorilganligi koʻriladi, shundan soʻng ovulyatsiya boshlanadi.
Baʼzi nazariyalarga qaraganda ovulyatsiya kuniga qarab tugʻilajak farzandning jinsini ham aniqlasa boʻladi. Ovulyatsiya kunidan necha kun jinsiy aloqa boʻlganligiga bogʻliq, yaʼni erkaklardagi Y-xromosoma saqlovchi spermatozoidlar X-xromosoma saqlovchi spermatozoidlarga nisbatan tezroq harakatlanadi. Bu esa ovulyatsiya roʻy berayotgan vaqtda jinsiy aloqa boʻlsa, Y-xromosomaning tuxum hujayrani urugʻlantirish ehtimoli yuqoriroq. Bu albatta, isbotlanmagan nazariyadir. Har qanday holatda farzandning oʻgʻil yoki qiz jinsida boʻlish darajasi 50/50 dir.
Ovulyatsiyadan soʻng homiladorlik roʻy berganligini qanday aniqlasa boʻladi?
Ayol kishi homilador boʻlganligini hayz suyuqligining kelmasligidan aniqlab olsa boʻladi. Biroq, ovulyatsiyadan soʻng homiladorlikning ilk belgilarini boshqa usullar yordamida ham aniqlab olsa boʻladi.
Bazal haroratni oʻlchash
Bazal haroratni doimo oʻlchab yurishni odat qilgan ayollar homiladorlik roʻy berganida haroratning 37 C gradusdan yuqori ekanligini koʻradilar. Yana bir belgi – qindan qon aralash kam miqdordagi ajralmalar kelishi, koʻpchilik bu kabi ajralmalarni hayz boshlandi deb oʻylashadi. Aslida bu endometriyning bir qismi koʻshishidir.
Homiladorlik testi
Homiladorlik testi – albatta homiladorlik roʻy berganligini aniq koʻrsatib beruvchi usul. Ovulyatsiyadan keyin homiladorlik roʻy berganligini oʻta aniqlik bilan koʻrsatib beruvchi usul – qonda xorionik gonadotropin (XG) gormonining oshishidir. Bu gormon faqatgina homilador ayol organizmida sintezlanadi. Qon analizi shifoxona sharoitida topshiriladi.
Ovulyatsiyaga qarab homiladorlik muddatini qanday aniqlasa boʻladi?
Agar ayol kishi yuqoridagi usullarning birortasini qoʻllab koʻrgan boʻlsa, ovulyatsiya kuzatilishiga asoslanib homiladorlik muddatini aniqlash qiyin emas. Agar ayol kishi ovulyatsiyaning muddatini kuzatmaydigan boʻlsa, u Negel usulidan foydalansa boʻladi. Bu usuldan ginekologlar tugʻruq vaqtini bilib olishda foydalanishadi. Buning uchun oxirgi hayz koʻrish boshlangan vaqtdan 3 oyni ayirib tashlash va 1 haftani qoʻshish kifoya.
Homiladorlik muddati shifokor uchun – ayol holatini baholash, kerakli tekshiruvlar buyurish va homilaning rivojlanishiga baho berish muhim hisoblanadi.
Homiladorlik muddatini aniqlash – tugʻruq vaqtini bilish uchun muhim hisoblanadi. Ayniqsa homilador ayolning kerakli vaqtda homiladorlik taʼtiliga chiqish uchun koʻrsatma boʻladi.
Homiladorlik vaqtida ovulyatsiya roʻy berishi mumkinmi?
Malakali mutaxassislar bu savolga – yoʻq deb javob berishadi. Gap shundaki, homiladorlik ayol organizmida gormonal oʻzgarishga sabab boʻladi, barcha fiologik oʻzgarishlar homilani rivojlanishi va uni saqlab qolishga qaratiladi. Bu holatda yana bir tuxum hujayraning yetilishi homila hayotiga toʻgʻridan-toʻgʻri xavf tugʻdiradi. Shu sababli ayol organizmi har taraflama mukammal tuzilgan va homiladorlik vaqtida ovulyatsiyaning yuzaga kelmasaligiga moslashgan. Bundan tashqari, gormonlar taʼsirida tuxumdonlarda tuxum hujayralar ajralib chiqishi toʻxtaydi, hamda bachadon boʻyni qisqaradi va yopiladi. Agar nazariy jihatdan olib qaralganda yana bir tuxum hujayra urugʻlanadigan boʻlsa, urugʻlangan zigota bachadonga yopisha olmaydi.
Shu sababli homiladorlik vaqtida ham ovulyatsiya roʻy beradimi deb soʻrovchi ayollar havotirlanishmasa ham boʻladi: homiladorlik vaqtida ovulyatsiyaning kuzatilmasligi tabiiy holat.
Farzand tarbiyasiga oid bo’lgan eng yaxshi tavsiyalar jamlangan dasturni yuklab oling.
Linkni bosing: 👉 Farzandim dasturi